Jahon, Siyosat

MAGATE bosh direktori Oʻzbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda

MAGATE bosh direktori Oʻzbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda

“Oʻzatom” rahbari Avstriyada MAGATE bosh direktori Rafael Grossi bilan Oʻzbekistonda kam quvvatli atom elektr stantsiyasini qurish loyihasi boʻyicha muzokaralar olib bordi. Muzokaralarda «Rosatom» bilan hamkorlikda va MAGATE tavsiyalariga toʻliq amal qilgan holda dastlabki ishlar allaqachon boshlangani qayd etildi.  

MAGATE bosh direktori Rafael Grossi Oʻzbekistonga tashrif buyurib, ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha qator muzokaralar oʻtkazadi, deb xabar beradi Podrobno.uz muxbiri.

Ushbu masala 17-sentyabr kuni Vena shahrida Grossining Oʻzbekiston Atom energiyasi agentligi direktori Azim Ahmadxadjaev bilan uchrashuvida muhokama qilindi. Tashrifning aniq sanalari haqida hali hech narsa ma’lum emas.

Muzokaralar davomida tomonlar Oʻzbekistonda kam quvvatli atom elektr stantsiyasini qurish loyihasini ham muhokama qildilar. Qayd etilishicha, «Rosatom» bilan hamkorlikda va MAGATE tavsiyalariga toʻliq amal qilgan holda dastlabki ishlar allaqachon boshlangan. Loyihaga uch tomonlama yondashuv xalqaro xavfsizlik standartlariga muvofiqligini ta’minlaydi.

Muzokaralar MAGATE Bosh konferentsiyasining 20-sentyabrgacha davom etadigan 68-sessiyasi doirasida boʻlib oʻtdi. Sessiyada «Oʻzatom» rahbari Oʻzbekistonning atom energetikasi sohasida amalga oshirilgan ishlar va rejalari haqida taqdimot qildi.

«Oʻzatom» rahbariyati Frantsiyaning Framatome va Assystem kompaniyalari, Xitoy milliy yadro korporatsiyasi va «Rosatom» davlat korporatsiyasi vakillari bilan ham ishchi uchrashuvlar oʻtkazdi. Tomonlar yadroviy fan va texnologiyalar sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston 1994-yilda Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik (MAGATE)ga aʻʻzo boʻlgan.