Livandagi elektron qurilmalar portlashi mamlakatning allaqachon zaif bo‘lgan sog‘liqni saqlash tizimini sezilarli darajada yomonlashtirdi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Tedros Adanom Gebreisus o‘zining haftalik matbuot anjumanida ma’lum qildi.
U JSST Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan portlashlar qurbonlari bilan bog‘liq yordam ko‘rsatish uchun yaqindan hamkorlik qilayotganini ta’kidladi.
«Ushbu hodisalar Livanning allaqachon zaif bo‘lgan sog‘liqni saqlash tizimida jiddiy buzilishlarga olib keldi. JSST va bizning hamkorlarimiz ommaviy qurbonlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularga javob berish uchun bir necha oy davomida ishlamoqda», deydi u.
Uning ta’kidlashicha, JSST 5000 dan ortiq tibbiyot xodimlarini mamlakat shifoxonalarining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ida bunday hodisalar bilan kurashish uchun ishlashga o‘rgatgan.
Gebreisus, shuningdek, JSST hamkorlar bilan favqulodda ehtiyojlarni, shu jumladan qon ta’minoti va sinov to‘plamlarini ta’minlash va sog‘liqni saqlash tizimining ishlashini nazorat qilish uchun ishlayotganini aytdi.
Portlashlar oqibatida 1 shifokor halok bo‘ldi
Video havola orqali uyushtirilgan matbuot anjumanida JSSTning Livandagi vakili Abdinasir Abubakr Livandagi elektron qurilma portlashlarida qancha tibbiyot xodimi jarohat olgani va bu voqealar uzoq muddatda sog‘liqni saqlash tizimiga qanday ta’sir qilishi mumkinligi haqidagi savolga javob berdi.
“Hozirgacha Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi hujumlar oqibatida 1 shifokorning halok bo‘lgani haqida xabar berdi. Vazirlik mamlakatda so‘nggi ikki kun ichida sodir bo‘lgan voqealarni tasniflash va ma’lumotlarni yig‘ishga harakat qilmoqda. Bu portlashlardan navbatchilikda bo‘lmagan tibbiyot xodimlari ham zarar ko‘rishlari mumkin edi. Ma’lumotlar har kuni yangilanadi”, dedi u.
Abubakrning so‘zlariga ko‘ra, portlashlarda allaqachon 37 kishi halok bo‘lgan, 3000 dan ortiq kishi jarohatlangan.
Livanda peyjerlar va raksiyalarning portlashi
Livanda 17 sentyabr kuni “Hizbulloh” foydalanayotgan peyjerlar bir vaqtning o‘zida portlab ketdi. Portlashlar oqibatida 12 kishi, jumladan, ikki bola halok bo‘ldi, 2800 ga yaqin kishi, jumladan, 300 ga yaqini og‘ir yaralandi.
Ertasi kuni butun mamlakat bo‘ylab ko‘plab radiolar portladi, 20 kishi halok bo‘ldi va 450 dan ortiq odam yaralandi.
Livan rasmiylari Isroilni aybladi. Tel-Aviv hozircha voqea yuzasidan izoh bermagan.
2023 yil 8 oktyabrdan beri Isroil-Livan chegarasida keskinlik kuchaygan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!