Prezident mamlakat oldida tashqi mehnat migratsiyasi sohasida ochilayotgan ulkan imkoniyatlarni to‘liq ishga solish zarurligini taʼkidladi. Shu munosabat bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hukumat bo‘ysunuviga o‘tkaziladi. Agentlikka sobiq Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev unga rahbar etib tayinlanadi.

Agentlikka fuqarolarimizning xorijdagi yuqori daromadli mehnat bozorlariga kirishi bo‘yicha boshlangan ishlarni jadallashtirish topshirildi.

Hokimlar va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz taqdiri uchun agentlik bilan tengma-teng javobgar bo‘lishi belgilandi.

Behzod Musayev 1973-yilda tug‘ilgan. 1995-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2004-yilda esa Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tamomlagan. Iqtisod fanlari nomzodi.

U mehnat faoliyatini 1995-yilda O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankida boshlagan. 1998—2002-yillarda Moliya vazirligida ijtimoiy sohani moliyalashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i kabi mas’ul lavozimlarda ishlagan. 2002-yilda Hisob palatasida faoliyat ko‘rsatib, 2006—2010-yillarda Hisob palatasi raisi bo‘lgan. 2010-yilda Davlat soliq qo‘mitasidagi faoliyatini boshlagan Musayev 2010—2011-yillarda va 2018-yilning martidan dekabrigacha bo‘lgan muddatda DSQ raisining birinchi o‘rinbosari, 2018-yil mayidan 2020-yil mayigacha Davlat soliq qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan.

Behzod Musayev 2020-yil 13-maydan bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. 2021-yilning noyabr oyida u sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlangan.

Behzod Musayev 2022-yilning dekabr oyida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri lavozimiga tasdiqlangan edi.