Yaponiyaning Ishikava prefekturasida rekord darajadagi ko‘p yog‘ingarchilik tufayli olti kishi halok bo‘ldi, ikki kishi bedarak yo‘qoldi va yana sakkiz kishi bilan aloqa uzilib qoldi. Bu haqda NHK telekanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakatdagi Nakaya tunnelida ko‘chki oqibatida 10 nafar ishchi qolib ketib, ulardan ikki nafari halok bo‘lgan. Shuningdek, qurbonlar yer ko‘chishi tufayli vayron bo‘lgan turarjoy binosi ostidan va daryo toshqinidan keyin topilgan.
Telekanalning xabar berishicha, tabiiy ofatdan asosan Noto qishlog‘i, Vadzima va Sudzu shaharlari zarar ko‘rgan. Ular, shuningdek, joriy yilning 1 yanvarida sodir bo‘lgan kuchli zilziladan eng ko‘p jabr ko‘rgan aholi punktlari hisoblanadi. 21-22 sentyabr kunlari Ishikava prefekturasining yettita shahri va aholi punktlarida 131,4 ming kishining evakuatsiyasi e’lon qilingan.
Vadzima va Sudzu shahrida 21 sentyabr kuni rekord darajadagi yog‘ingarchilik qayd etilgan. Xususan, bir sutkada Vadzimada 300, Sudzuda 200 mm yomg‘ir yog‘gan. Bu 1975 yildan beri kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!