Soʻnggi vaqtlarda Bayden Netanyaxuga ta’siri kamayganidan gʻazablanmoqda, ular oʻrtasidagi telefon orqali muloqotlar esa tortishuvlarga aylanib ketmoqda. Bu haqda Politico nashri AQSh rasmiy shaxslariga tayangan holda xabar bermoqda.
“Ikkalasi oʻrtasidagi telefon qoʻngʻiroqlari tez-tez baqir-chaqirlarga aylanmoqda. Bayden ishonchli odamlariga isroillik hamkasbi oʻt ochishni toʻxtatishni istamayotganini aytgan, shuningdek, Netanyaxu oʻz siyosiy kelajagini saqlab qolish uchun mojaroni soʻngsiz davom ettirish va noyabrdagi saylovlarda Trampga yordamlashishga harakat qilayotganini ta’kidlamoqda”, – deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Netanyaxu va uning hukumati bir necha oydan buyon Gʻazoda HAMASga qarshi urushni qanday olib borish boʻyicha Amerikaning tavsiyalariga e’tibor bermay qoʻygan. Bayden va uning yordamchilari Isroilning Gʻazodagi harbiy maqsadlarini kengaytirayotganidan bir necha bor hafsalasi pir boʻlgan – bu Falastin tinch aholisi uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi, asirlikdagi isroilliklarni ozod qilish boʻyicha kelishuv kelajagini xavf ostiga qoʻyishi ta’kidlanmoqda.
Bayden tanqidchilarining fikricha, oʻtgan oy Livandagi Hizbulloh a’zolariga tegishli peyjerlarning Isroil tomonidan halokatli portlatishi AQShning mintaqadagi ta’siri kuchsizlashib borayotganining soʻnggi belgisi boʻldi. Chunki Netanyaxu dastlab AQSh rasmiylariga Hizbullohga qarshi kurashni toʻxtatib turishini aytgan, biroq peyjerlar bilan bogʻliq hodisa oshkor boʻlishi bilan oʻt ochishni toʻxtatish taklifini qat’iyan rad etgan. Ertasi kuni esa, bosh vazir BMTda qizgʻin nutq soʻzlaganidan bir necha daqiqa oʻtib, Isroil Bayrutga raketa hujumi uyushtirdi, natijada Hizbulloh yetakchisi Hasan Nasrulloh halok boʻldi va Hizbullohni quyushqondan chiqardi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!