Iqtisod

O’zbekistonda za’faron quritish va qayta ishlash korxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

O’zbekistonda za’faron quritish va qayta ishlash korxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

ZA’FARON QURITISH VA QAYTA ISHLASH KORXONASINING TANTANALI OCHILISH MAROSIMI

Za’faron – dunyodagi eng qimmat va noyob ziravorlardan biri bo‘lib, qo‘llanilish sohalarining ko‘pligi, yetishtirish va ishlab chiqarish jarayonlarining murakkabligi, sog‘liq uchun foydali xususiyatlari hamda qiymati yuqoriligi nuqtayi nazardan “qizil oltin” deya e’tirof etiladi.

Bugungi kunda O‘zbekiston hududida tashkil etilgan za’faron plantatsiyasi nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida yaxlit hududda joylashgan eng yirik plantatsiya hisoblanib, qadr-qimmati va yuqori sifati bilan o‘z o‘rnini egallagan.

Xususan, Jizzax viloyatida joylashgan za’faron plantatsiyalarida yetishtirilayotgan za’faron asosida BMB HOLDING tashabbusi bilan BMB Za’faron brendi yaratilib, hozirgi kunda mazkur brend ostida 20 ga yaqin za’faronli mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 8-9 aprel kunlari Jizzax viloyatiga amalga oshirgan tashrifi davomida za’faron plantatsiyalarining umumiy yer maydonini 2 ming gektarga yetkazish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi. Jumladan, Baxmal, G‘allaorol va Zomin tumanlarida qo‘shimcha 1,6 ming gektarda za’faron plantatsiyalarini tashkil etish belgilandi.

Za’faron plantatsiyalarini kengaytirish, quritish va qayta ishlashni tashkil etish loyihasining umumiy qiymati 120 mln. yevroni tashkil etadi. Jumladan,

-70 mln. yevro to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar;

-37 mln. yevro o‘z mablag‘i;

-13 mln. yevro kredit mablag‘lari.

O‘tgan davr mobaynida mazkur loyiha doirasida 60,8 mln. yevro investitsiyalar o‘zlashtirilib, qariyb 120 ta doimiy va 25 ming nafar mavsumiy ish o‘rinlari yaratilgan.
Shu bilan birga, loyiha tashabbuskori tomonidan qo‘shimcha ravishda kiritilgan 5 mlrd. so‘m sarmoya natijasida 2,5 km ga yaqin yo‘llarga beton qoplamasi yotqizilishi va 25-30 km uzunlikda elektr tarmoqlari tortib kelinishi orqali aholi elektr energiyasi bilan ta’minlanishi ushbu hudud uchun nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumot o‘rnida, BMB Za’faron brendi ostidagi mahsulot Yevropaning Italiya, Fransiya, Niderlandiya hamda Koreya laboratoriyalarida ikki bosqichli chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan o‘tkazilgan bo‘lib, ISO 3632-1/2011 xalqaro standartlari asosida rang, hid
va ta’m ko‘rsatkichlari bo‘yicha I-kategoriya sifat darajasi sertifikatiga ega bo‘ldi.
Shu bilan birga, Control Union Certifications (Niderlandiya) tashkiloti mutaxassislari tomonidan za’faron plantatsiyasida mahsulotni ekish, yetishtirish, agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish, terib olish, qayta ishlash, saqlash, qadoqlash jarayonlari to‘liq o‘rganilib, BMB Za’faron ga USDA ORGANIC sertifikati taqdim qilindi.
USDA organic — bu AQSH Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan ekologik sertifikat. Sertifikatlash faqat malakali
va vakolatli USDA organic xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.

USDA yoki Milliy organik standart mamlakat fuqarolarini sog‘lom
va tabiiy organik mahsulotlar iste’moliga o‘tkazish uchun noyob milliy dasturning bir qismi sifatida qabul qilingan. Bugungi kunda USDA organic deb belgilangan mahsulotlar kamida 95 foiz ekologik toza tabiiy ingrediyentlarni o‘z ichiga olishi kafolatlanadi.

Qolaversa, bir necha yillik chuqur va tahliliy tekshiruvlardan keyin O‘zbekiston va Xitoy idoralararo komissiyasi xulosasiga ko‘ra, o‘zbek za’faronini Xitoyga eksport qilish bo‘yicha tegishli ruxsatnomaga ega bo‘ldi. Bu orqali dunyoning eng yirik bozori ham o‘zbek “qizil oltin”i uchun
o‘z eshiklarini ochdi.

Za’faron mahsulotlari eksport hajmlari:

– 2021 yil – 1,2 mln. yevro;
– 2022 yil – 2,7 mln. yevro;
– 2023 yil – 4,5 mln. yevroni tashkil etib;
– 2024 yilda 12 mln. yevroga yetkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Italiyada tashkil etilgan qo‘shma korxona tomonidan
“ORO ROSSO Milano” brendi ostida 10 dan ortiq za’faronli mahsulotlar ishlab chiqarilib, Yevropa va Amerika bozorlariga eksport qilinmoqda.

Joriy yilning 8-oktyabr kuni Jizzax viloyatining Baxmal tumanida joylashgan za’faron plantatsiyalarini kengaytirish, quritish va qayta ishlash korxonasining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Tadbir davomida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Press-turda, plantatsiya, za’faron piyozboshilarini namunaviy tartibda ekish jarayoni, quritish va qayta ishlash korxonasi faoliyati tanishtirildi.
Za’faron tuganakpiyozboshlarini 2024 yilgi ekish mavsumi joriy yilning 20 sentyabrida boshlanib, ekish mavsumi yakuniga ko‘ra plantatsiyalarning umumiy maydoni 700 gektarga yetkaziladi.
Shu bilan bir qatorda, mazkur yilda za’faron maydonlarida nou-xao sifatida polshalik mutaxassislar bilan hamkorlikda AgroNanoGel gidrogel mahsulotini qo‘llay boshlandi. Gidrogel o‘simliklar uchun suv zahirasi hisoblanadi. Uning qo‘llanilishi butun vegetatsiya davrida o‘simliklar uchun optimal suv sharoitlarini ta’minlaydi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qishloq xo‘jaligida gidrogelning qo‘llanilishi 40-45 foizgacha suvni tejash imkoniyatini beradi. Ushbu mahsulot sinov yakuniga ko‘ra ommalashtiriladi, qolaversa, za’faron va boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlarida suv sarfini sezilarli darajada kamaytiradi.
So‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, Jizzax viloyatiga amalga oshirgan tashriflari davomida berilgan ko‘rsatmalarining ijrosini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Kelgusida bular o‘z mevasini berib, xalqimizning ijtimoiy va iqtisodiy farovonligiga katta hissa qo‘shishiga xizmat qiladi.