Jahon

Qozog‘istonda birinchi AES qurilishi qo‘llab-quvvatlandi

Qozog‘istonda birinchi AES qurilishi qo‘llab-quvvatlandi

Ekzitpol natijalariga ko‘ra, referendum ishtirokchilarining aksariyati Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi qurilishiga rozi bo‘lgan.

Qozog‘iston fuqarolari referendumda mamlakatda va butun Markaziy Osiyoda birinchi atom elektr stansiyasini qurish uchun ovoz berdi. KTK telekanali tomonidan 6 oktyabr, yakshanba kuni e’lon qilingan ovoz berishdan keyingi uchta ekzitpol natijalariga ko‘ra, saylovchilarning qariyb 70 foizi atom elektr stansiyasi qurilishini qo‘llab-quvvatladi.

 

Saylov komissiyasi rasmiy natijalarni 7 oktyabr, dushanba kuni e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, referendumda ishtirok etganlar taxminan 64 foizni tashkil qilgan.

 

Referendumda qatnashgan Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev atom elektr stansiyasini qurish rejasini «mustaqil Qozog‘iston tarixidagi eng yirik loyiha» deb atadi. U atom elektr stansiyasi «eng zamonaviy texnologiyalarga ega global kompaniyalar konsorsiumi» tomonidan qurilishini yoqlab chiqdi. Fransiya, Rossiya, Xitoy va Janubiy Koreya kompaniyalari atom elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha shartnoma tuzish uchun kurashmoqda.

Qozog‘iston dunyodagi eng yirik uran qazib oluvchisi, ammo elektr quvvati taqchilligidan aziyat chekmoqda. Atom elektr stansiyasi bu vaziyatni o‘zgartirishni maqsad qilgan. Ayni paytda ko‘plab ekologlar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari va fuqarolik faollari AES qurilishiga qarshi. Ular kelgusida stansiyani foydalanishdan chiqarish uchun katta miqdorda mablag‘ talab qilinishini ta’kidlamoqda. Bundan tashqari, ular AES qurish g‘oyasi Qozog‘iston rasmiylari tomonidan faqat Rossiya manfaatlarini ko‘zlab ilgari surilayotganidan xavotirda.

Lekin eng muhimi, atom energetikasi muxoliflarini beqaror Balxash ko‘li bo‘yida AES qurish rejalari tashvishga solmoqda. Qayd etilishicha, avariya yuz bergan taqdirda mamlakat aholisi zich joylashgan hududning salmoqli qismi radioaktiv ifloslanishga duchor bo‘ladi.