Jahon

Qozog‘istonda faollar AES qurilishidan norozi

Qozog‘istonda faollar AES qurilishidan norozi

Qozog‘istonda ekologlar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari va fuqarolik faollari AES qurilishidan noroziligini bildirisshmoqda.

Qozog‘iston Davlat siyosati institutining ikkinchi ekzit-poll natijalariga ko‘ra, so‘rovda qatnashgan qozog‘istonliklarning 72,3 foizi AES uchun, 27,7 foizi esa AESga qarshi ovoz bergan.

Kecha, 6-oktyabr, yakshanba kuni Qozog‘istonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasining dastlabki maʼlumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonda referendumda 63,87 foiz ovoz beruvchilar ishtirok etgan.

Qozog‘iston dunyodagi eng yirik uran qazib oluvchisi, ammo elektr quvvati taqchilligidan aziyat chekmoqda. Atom elektr stansiyasi bu vaziyatni o‘zgartirishni maqsad qilgan. Ayni paytda ko‘plab ekologlar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari va fuqarolik faollari AES qurilishiga qarshi. Ular kelgusida stansiyani foydalanishdan chiqarish uchun katta miqdorda mablag‘ talab qilinishini taʼkidlamoqda. Bundan tashqari, ular AES qurish g‘oyasi Qozog‘iston rasmiylari tomonidan faqat Rossiya manfaatlarini ko‘zlab ilgari surilayotganidan xavotirda.

Lekin eng muhimi, atom energetikasi muxoliflarini beqaror Balxash ko‘li bo‘yida AES qurish rejalari tashvishga solmoqda. Qayd etilishicha, avariya yuz bergan taqdirda mamlakat aholisi zich joylashgan hududning salmoqli qismi radioaktiv ifloslanishga duchor bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Qirg‘izistonda ham atom elektr stansiyasini qurmoqchi. Bu masalani o‘zaro hamkorlikda o‘rganib chiqish bo‘yicha shartnomalar imzolangan. Shuningdek, O‘zbekistonning Jizzax viloyatida ham kam quvvatli AES qurilishini boshlash arafasida turibdi.