Jahon

«Hizbulloh» peyjyerlarini portlash operatsiyasi tafsilotlari ochiqlandi

«Hizbulloh» peyjyerlarini portlash operatsiyasi tafsilotlari ochiqlandi

Isroil razvedka xizmati «Mossad» tomonidan tayyorlangan Livandagi «Hizbulloh» jangchilari o‘rtasida peyjyerlarni ommaviy ravishda portlatish operatsiyasi «josuslik san’ati akti» bo‘lib, so‘nggi paytlarda dushman tizimiga eng muvaffaqiyatli kirishlardan biriga aylandi. Bu haqda Amerikaning The Washington Post gazetasi 5 oktyabr, shanba kuni Isroil, arab va Amerika xavfsizlik xizmatlari vakillari, siyosatchilar, diplomatlar, Livan rasmiylari va «Hizbulloh»ga yaqin odamlardan olingan yangi tafsilotlarga tayanib yozdi.

Aniqlanishicha, reja 2022-yilda Tel-Avivdagi «Mossad» shtab-kvartirasida paydo bo‘lgan, deydi bu masaladan xabardor Isroil va Amerika rasmiylari. U 2023- yil 7-oktyabrda Hamas guruhining Isroilga hujum qilishidan bir yildan ko‘proq vaqt oldin, «Hizbulloh»qurollari tahdidining kuchayishi fonida amalga oshirila boshlandi.

Rejani amalga oshirishda bir necha mamlakatlardagi bir guruh operativ va beixtiyor sheriklar ishtirok etdi va uning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi Isroilni «Hizbulloh» yetakchisi Hasan Nasrullohni o‘ldirishga undadi, deb ta’kidlaydi WP.

Tayvanning Gold Apollo ishlab chiqaruvchisidan AR924 peyjyerlarini sotib olish bo‘yicha dastlabki taklif «Hizbulloh» tomonidan ikki yil oldin olingan. Suv o‘tkazmaydigan peyjyerlar kabel orqali zaryadlangan va qayta zaryadlanmasdan bir necha oy ishlashi mumkin edi. Livan guruhiga ularni jangchilar ishongan Yaqin Sharqdagi Tayvan kompaniyasining savdo vakili sotib olishni taklif qilgan, deya qayd etadi nashr.

Shu bilan birga, peyjyerlarning haqiqiy ishlab chiqarilishi autsorsingga berilgan va Gold Apollo savdo vakili qurilmalar «Mossad» nazorati ostida Isroilda jismonan yig‘ilganidan bexabar bo‘lgan, deydi surishtiruv mualliflari.

WP manbalariga ko‘ra, peyjyerlarning akkumulyator blokida oz miqdorda kuchli portlovchi moddalar ehtiyotkorlik bilan yashiringan bo‘lib, «Hizbulloh» ularni na qurilmalarni qismlarga ajratish, na rentgen nurlari orqali aniqlay olmagan. Bundan tashqari, jangchilar «Mossad»ning bu qurilmalarga masofadan ulanish imkoni borligidan bexabar edi. Ular Isroil razvedka xizmatlari tomonidan kuzatilishi xavfi yo‘qligiga ishonchi komil bo‘lgan.

«Hizbulloh» yetakchilari 5 mingta peyjyer sotib olib, ularni 2024-yil fevral oyida o‘rta bo‘g‘in a’zolari va yordamchi xodimlarga tarqata boshlagan.

Operatsiyani amalga oshirish uchun «Mossad» ushbu qurilmalarning «xavfli xususiyati»dan — ikki bosqichli shifrni ochish protsedurasidan foydalangan, uning davomida shifrlangan xabarlarni ochish uchun ikkita tugmani bir vaqtning o‘zida bosish kerak, deya qayd etadi nashr. Bu xususiyat ayni damda ko‘pchilik foydalanuvchilar peyjyerni ikki qo‘li bilan ushlab turishini va shu tariqa ikki qo‘lidan jarohat olishini va boshqa jang qila olmasligini ta’minlaydi, dedi suhbatdoshlardan biri gazetaga.

Isroilda saylangan amaldorlarning aksariyati 12-sentabrgacha «Mossad» rejasidan bexabar edi. O‘sha kuni bosh vazir Binyamin Netanyahu maslahatchilar bilan uchrashib, «Hizbulloh»ga qarshi ehtimoliy harakatlarni muhokama qildi va qizg‘in muhokamalardan so‘ng Livan guruhi va uning tarafdori Eronning keskin javobi xavfiga qaramay, operatsiyani ma’qulladi.

Isroil, AQSh va Yaqin Sharq rasmiylariga ko‘ra, 17-sentabr kuni peyjyer portlashlari natijasida 3000 ga yaqin «Hizbulloh»jangchisi halok bo‘lgan yoki yaralangan.