Jahon

Migrantlarga nisbatan nafratni qo‘zg‘atish orqali ijobiy natijaga erisha olmaymiz – Ramzan Qodirov

Migrantlarga nisbatan nafratni qo‘zg‘atish orqali ijobiy natijaga erisha olmaymiz – Ramzan Qodirov

Checheniston rahbari Rossiyada migrantlarga qarshi olib borilayotgan choralardan norozi ekanini ma’lum qildi.

«Kimdir Rossiyani qo‘shni do‘stona davlatlar bilan ataylab to‘qnashtirmoqchi bo‘layotgandek», dedi Qodirov o‘zining Telegram-kanalidagi bayonotida.

Uning taʼkidlashicha, migratsiya siyosati o‘zgarishi kerak, bunga erishish uchun har bir rus bo‘lmagan shaxsga shafqatsiz hujumlar uyushtirish kabi usullardan foydalanish maqsadga muvofiq emas.

«Hech qanday sababsiz odamlarni ushlashmoqda, oxirgi vaqtlarda esa tadbirlar juda qattiq bo‘lib ketdi», deb yozadi Checheniston rahbari.

Qodirov chet elliklarni ommaviy ravishda deportatsiya qilish muammoni hal etmasligini taʼkidlab, vaziyatni migrantlar keltirib chiqarmaganini aytdi.

Qodirovga ko‘ra, bugungi vaziyatning kelib chiqishi migratsiya uchun masʼul mansabdor shaxslarning palapartishligi va vaziyatni deyarli nazorat qilmayotgan xodimlar bilan bog‘liq.

«Jamiyatda migrantlarga nisbatan nafratni qo‘zg‘atish orqali ijobiy hech narsaga erisha olmaymiz, aksincha, vaziyatni yomonlashtiramiz», dedi Qodirov.

Checheniston rahbari bu muammoni hal qilish uchun «boshqa davlatlar fuqarolarini qiynamay», oqilona siyosat orqali to‘g‘ri migratsiya nazorati tizimini yaratish zarurligini taʼkidladi.

«Sabablarni bartaraf etish kerak, oqibatlari bilan emas. Shuning uchun o‘rta asrga xos yondashuvlardan voz kechib, muammoga aniq yechim topishga chaqiryapman. Eng muhimi, migrantlar orasida ham huquqbuzarlar, ham qonunga rioya qiluvchilar borligini tushunishimiz kerak. Qonunga rioya qiluvchilar ancha ko‘p va bu muhim masala. Xo‘sh, bugun migrantlarni to‘liq chiqarib yubordik, deylik. Lekin ertaga boshqa davlatlardan yana yangi migrantlar keladi. Ular avvalgi migrantlardan yaxshiroq bo‘lishiga kim kafolat bera oladi?» deb savol bilan yakunladi Qodirov.