Jahon, Siyosat

Baxtiyor Saidov «Tolibon» elchisini qabul qildi

Baxtiyor Saidov «Tolibon» elchisini qabul qildi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov yaqinda o‘z vazifasini bajarishga kirishgan, Afg‘onistonning O‘zbekistondagi yangi elchisi Abdul G‘affor Teraviyni qabul qildi. Bu haqda Saidov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Abdul G‘affor Teraviy sentyabr oyi oxirida Afg‘onistonning O‘zbekistondagi diplomatik missiyasi rahbari sifatida ish boshlagan. Baxtiyor Saidov bilan uchrashuv kecha, 9-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va Afg‘oniston aloqalarini har tomonlama rivojlantirish, ishlatilmagan salohiyatni ro‘yobga chiqarish, ikki mamlakat xalqlari manfaatlariga xizmat qiladigan yangi loyihalar ishlab chiqish zarurligini ta’kidlagan.

Teraviy O‘zbekiston tomoniga doimiy ravishda ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun “Tolibon” nomidan minnatdorlik bildirgan.

“Bugungi uchrashuvimiz davomida ikki tomonlama, mintaqaviy va global kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qildik”, deydi Baxtiyor Saidov.

Ma’lumot uchun, joriy yilning fevral oyida O‘zbekiston Afg‘oniston elchixonasini “Tolibon” diplomatlariga topshirgan edi. O‘shanda “Tolibon” tomonidan Afg‘onistonning Toshkentdagi elchixonasiga elchi etib tayinlangan Mug‘furulloh Shahob oldingi hukumat davrida elchilikka tayinlangan Ahmad Xolid Ilmiyning o‘rnini egallagan.

Biroq aprel oyida Mug‘furulloh Shahob o‘rniga Abdul G‘affor Teraviy elchi etib tayinlandi. Avgust oyida esa “Tolibon” muvaqqat hukumatidagi tashqi ishlar vazirligining uchinchi siyosiy departamenti direktori Zokir Jaloliy Afg‘onistonning O‘zbekistondagi rasmiy elchisi sifatida Abdulg‘ofar Teraviy tanishtirilganini aytdi.