Jahon

Xitoy Tayvanni qamal qilish mashqlarini boshladi

Xitoy Tayvanni qamal qilish mashqlarini boshladi

Xitoy Xalq ozodlik armiyasi Tayvan atrofida mashg‘ulotlar boshladi. Bu haqda Xitoy armiyasining Sharqiy harbiy qo‘mondonlik hududi rasmiy vakili Li Si ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, “Qo‘shma qilich — 2024V” deb nomlangan mashg‘ulotlar dengiz va havo harbiy tayyorgarlik patruli, asosiy portlar va hududlarni blokirovkalash, dengiz va yerdagi nishonlarga zarba berish masalalariga qaratilgan.

“Mashg‘ulotlar Tayvan mustaqilligiga intilayotgan separatist kuchlarga qo‘rquvli ogohlantirish vazifasini o‘taydi va milliy suverenitetni himoya qilish hamda davlat birligini saqlash uchun adolatli va zarur qadamdir”, dedi Li Si.

Mashg‘ulotlarda Xitoyning harbiy-dengiz floti, harbiy havo kuchlari, raketa qo‘shinlari va boshqa harbiy kuchlar ishtirok etmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, mashg‘ulotlar Tayvanning butun hududi atrofida o‘tkazilmoqda: orolning g‘arbidagi Tayvan bo‘g‘ozi, uning sharqiy, janubiy va shimoliy qismlarida.

“Reuters” nashrining yozishicha, Tayvan ma’muriyati Xitoyning harbiy mashg‘ulotlarini “yoqimsiz provokatsiya” deb atagan. Nashr manbasi Pekin mashg‘ulotlar davomida Tayvanning shimoliy va janubiy portlarini, xalqaro dengiz yo‘llarini blokirovkalash va chet el kuchlarining yetib kelishini qaytarish ssenariylarini o‘rganayotganini tasdiqlagan.

Ma’lumot uchun, Tayvan va Xitoy 1949-yilda fuqarolik urushi paytida ajralib ketgan. Xitoy hukumati “yagona Xitoy” prinsipiga amal qiladi va Tayvan mustaqilligiga qarshi chiqadi, orolni o‘z hududi deb hisoblaydi. Ammo Tayvan 1980 yillardan beri Pekin tomonidan ilgari surilayotgan “bir davlat — ikki tizim” modelini qat’iyan rad etadi.