Jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand viloyati Jomboy tumani sudida Ukrainadagi urushda qatnashgan Oʻzbekiston fuqarosiga nisbatan jinoiy ish koʻrib chiqildi. Bu haqda «Zamon» dasturida xabar berildi.
Hujjatlarda keltirilishicha, sudlanuvchi 2023-yilda Sankt-Peterburg shahrida ishlayotgan vaqtida Oʻzbekiston fuqarosi boʻla turib, nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi boʻlmasdan, moddiy manfaatdorlik evaziga Rossiya qurolli kuchlari safiga yollangan.
Shu vaqt davomida erkak Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etib kelgan. U Rossiya fuqaroligini ham olgan. U ikki davlat oʻrtasida boʻlayotgan qurolli toʻqnashuvlarda ishtirok etishi uchun harbiy tayyorgarlikdan oʻtgan.
«Sizlarga pasport beryapti deyishdi. Keyin bemalol yurasiz, xohlagan ishingizni qilasiz deyishdi. Bunday taklif kimga yoqmaydi? Hech qayerda taqiqlarga uchramasligimizni bildirib, Oʻzbekiston fuqaroligi qolgan holatda harbiy guvohnoma berishdi», deya ta’kidladi sudlanuvchi.
2023-yil oktyabr oyida sodir boʻlgan turli hujumlar oqibatida yaralangan shaxs Oʻzbekistonga qaytgan. Unga tegishli telefon tekshirilganda, Rossiya qurolli kuchlari safiga ishga kirgani boʻyicha harbiy guvohnoma, Mudofaa vazirligiga tegishli harbiy gospitalda jarohat olgani boʻyicha maʻʻlumotnoma hamda RF fuqaroligi pasporti aks etgan fotosuratlar topilgan.
Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 154−1-moddasi (Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga oʻxshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) koʻrsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, kodeksning 57-moddasi (Engilroq jazo tayinlash) qoʻllangan holda uch yilga ozodlikdan mahrum etildi. Jazo umumiy tartibli koloniyada oʻtalishi belgilandi