Jahon, Siyosat

Oʻzbekiston fuqarolariga Rossiyaga kirish uchun viza rejimi joriy etilishi mumkin

Oʻzbekiston fuqarolariga Rossiyaga kirish uchun viza rejimi joriy etilishi mumkin

Rossiyalik deputat Oʻzbekiston fuqarolariga viza rejimi joriy etishga chaqirdi.

Bunga muhojirlarning urushga borishiga qarshi chaqiriq sabab boʻlgan. Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov Mironovning bayonotiga javob qaytardi.

Rossiya Davlat dumasi deputati Sergey Mironov («Spravedlivaya Rossiya» partiyasi fraksiyasi rahbari) Oʻzbekistonning Qozon shahridagi bosh konsulxonasi chaqirigʻiga munosabat bildirdi. Bosh konsulxona oʻzbekistonliklarni Ukraina urushida qatnashmaslikka chaqirgandi.

«Oʻzbekiston konsulxonasi Rossiya armiyasiga qoʻshilmaslikka chaqiryapti. Nega bundaylar boshqa imtiyozlardan foydalanishi kerak? Seni boqayotgan, ish bergan davlatni nega himoya qilmasliging kerak?! Viza rejimi! Bizga bunday «fuqarolar» kerakmas», deya yozgan Mironov.

Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov Mironovning bayonotiga javob berdi.

«Oʻzbeklar barakali xalq, ular mehnat qilib pul topadi, odam oʻldirib emas. Rossiyani esa Mironovning oʻzi, oʻgʻillari, kuyovlari, nevaralari himoya qilishi kerak. Bilishimcha, ruslar ham Vatanni himoya qilishni oʻzbeklardagidek muqaddas burch hisoblaydilar?», degan Qodirov.

Eslatib oʻtamiz, avval Senat Oʻzbekiston haqida nojoʻya bayonot berganlarni mamlakatga kirishini cheklash boʻyicha qonunni maʼqullagandi.