Endilikda bekatlarga naqd pulga bilet yoki QR-kod sotib olish imkoniyati yaratiladi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda avtobuslarda 2025-yil 1-yanvardan yo‘l haqi uchun naqd pul qabul qilishdan voz kechiladi. Bu haqda Transport vaziri Ilhom Mahkamov ma’lum qildi.
“Bekatlarga naqd pulga bilet yoki QR-kod sotib olish imkoniyati yaratiladi. Aksariyat bekatlarga infokiosklar o‘rnatiladi. Hozir bu tajriba Toshkent shahrida sinovdan o‘tkazilyapti. Barcha avtobuslarga shu QR-kodlarni o‘qiy oladigan devayslar o‘rnatiladi. Ular o‘rnatilgach, tabiiyki konduktorlar ishlamaydi. Sababi naqd pulni yig‘ish ehtiyoji qolmaydi”, – dedi vazir.
Shu bilan birga, vazirlik rahbari yangi bruto shartnoma tizimi haqida ham ma’lumot berdi.
“Bu tizimda jamoat transporti xizmatini ko‘rsatadigan operatorlarga pul to‘lovi yo‘lovchilarni o‘z vaqtida manziliga yetkazib qo‘ygani uchun amalga oshiriladi”, dedi Ilhom Mahkamov.
Vazirning ta’kidlashicha, yaqin istiqbolda 1 294 ta avtobus sotib olish rejalashtirilgan bo‘lib, asosiy e’tibor Toshkent va Samarqand shaharlarida elektrobuslar harakatiga qaratiladi. 2030 yilgacha avtobuslar sonini 5 000 taga, elektrobuslar sonini 2 000 taga yetkazish maqsad qilingan. Shaharlar va tumanlar jamoat transporti bilan to‘liq qamrab olinishini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, jamoat transporti tizimlarini avtomatlashtirish, hududlarda avtomatlashtirilgan dispetcherlik nazorati va monitoringini joriy etish hamda yirik shaharlarda jamoat transporti uchun maxsus yo‘l bo‘laklarini yaratish ustida ish olib borilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!