Iqtisod

Joriy yilning 9 oyi mobaynida muomalaga qo‘shimcha 8 trln. so‘m naqd pullar chiqarildi

Joriy yilning 9 oyi mobaynida muomalaga qo‘shimcha 8 trln. so‘m naqd pullar chiqarildi
Markaziy bankning naqd pul muomalasi bo‘yicha qisqacha sharhida qayd etilishicha, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida bank kartalariga kirim qilingan mablag‘lar miqdori 740 trln. co‘mni tashkil qilib, 2023-yilning mos davriga nisbatan 1,3 barobarga oshgan.

Mazkur holat muomaladagi naqd pullarning yil boshiga nisbatan 16 foizga oshgani holda, aholining daromadlari ko‘payishi va xarid qobiliyatining o‘sishi hisobiga yuzaga keldi.

Bank kartalari egalari ushbu davrda kartalaridagi 167 trln. so‘m pul mablag‘larini naqdlashtirib olgan bo‘lib, shundan, 140 trln. so‘mi bankomatlar orqali yechilgan.

Bank kartalarga kelib tushgan mablag‘larning naqdlashtirib olinishi ulushi yildan yilga kamayib bormoqda. Xususan, bu ko‘rsatkich, 2022-yilda 27,4 foizni, 2023-yilda 24,4 foizni, 2024-yilda 22,6 foizni tashkil qilgan.

Markaziy bank tomonidan iqtisodiyotni zarur miqdorda naqd pullar bilan ta’minlash hamda ortiqcha naqd pullarni muomaladan qaytarib olish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 2024-yil yanvar-sentyabr oylarida banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 727 trln. so‘mni (naqd pul tushumlari – 360 trln. so‘m, berilgan naqd pullar – 367 trln. so‘m) tashkil etgani holda, 2023-yilning mos davriga nisbatan 23 foizga oshdi.

Jumladan, banklarga naqd pul tushumlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 66 trln. so‘mga yoki 23 foizga o‘sdi.

Bank xizmatlaridan naqd pul tushumlari 23 trln. so‘mga, savdo tushumlari 19 trln. so‘mga va pullik xizmatlardan tushumlar 13 trln. so‘mga oshdi.