Jamiyat, Siyosat

Toshkentda “Yashil o‘sish va barqaror turizm” sessiyasi tashkil qilindi

Toshkentda “Yashil o‘sish va barqaror turizm” sessiyasi tashkil qilindi

Bugun, 23-oktabr kuni Toshkentda “O‘zbekistonda hamkorlik tashabbuslari haftaligi” hamda “O‘zbekistonda xalqaro madaniy meros haftaligi” doirasida “Yashil o‘sish va barqaror turizm” sessiyasi tashkil qilindi.

Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, GGGI Markaziy Osiyo mintaqaviy ofis rahbari Aaron Rassel, BMTning (UN) Tabiatni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik va moliyalashtirish masalalarini rivojlantirishni muvofiqlashtiruvchi eksperti Rusyan Jill Mamiit, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Yoaxim Frits, BMT Turizm tashkiloti Texnik hamkorlik va Ipak yo‘li departamenti direktori Djeymi Mayaki, Turkiyaning Alaniya universiteti Turizm fakulteti professori Kemal Kantarji, Yaponiyaning Mixo muzeyi katta ilmiy xodimi Sergey Laptev va boshqalar ishtirok etdi.  

Sessiya davomida vazirlik tomonidan yashil o‘sish va barqaror turizm rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda samarali xalqaro hamkorliklarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ekologiya vazirining o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov keyingi yillarda O‘zbekistonda Ekologiya va turizm sohalarida tizimli ravishda amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib, quyidagilarni ta’kidlab o‘tdi:

– Iqlim o‘zgarishi taʼsirini yumshatish va chang-qum bo‘ronlariga qarshi kurashish maqsadida oxirgi 3 yillikda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 646 mln tup daraxt va buta ko‘chatlari ekildi.

Respublikada 14 ta yangi muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etilib, ularning umumiy maydoni 6,3 mln gektargacha kengaytirildi yoki mamlakatimiz hududidagi ulushi 4,6 foizdan 14,08 foizga yetkazildi.

Orol dengizining qurigan tubida 1,9 mln gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etildi. Yurtimizda ormon bilan qoplangan maydonlar
2020
yildagi 7 foizdan 8,1 foizga yetkazildi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizning bir qator muhofaza etiladigan tabiiy hududlari YuNESKO hamda Ramsar konventsiyasining nufuzli xalqaro ro‘yxatlarga kiritildi.

Maishiy chiqindilar bilan ishlash sohasida xususiy sektor ulushi 10 foizdan (2020-yil) 71 foizga yetkazildi.

Xorijiy turistlar soni 2023-yilda 6,6 mln nafarga yetkazilishi natijasida 2,12 mlrd dollar turizm xizmatlari eksporti amalga oshirildi. Ichki turizm oqimi 20,9 mln nafarga yetkazildi.

2021-yil Turkiy davlatlar tashkilotining “Ilk turizm poytaxti” nomi Qo‘qon shahriga, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining “2024-yildagi turizm poytaxti” maqomi Shahrisabz shahriga, 2024-yilda “Islom dunyosining turizm poytaxti” nomi Xiva shahriga berildi.

“Hub and Spoke” tamoyili asosida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan dastlabki ekologik muammolarga ilmiy yechim topishga qaratilgan ilmiy universitet Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti “Green University”, hamda Xalqaro turizm akademiyasining Samarqand kampusi faoliyati tashkil etildi.

Xorijlik ekspertlar sohaga oid ma’ruzalarini taqdim etishdi. Xususan, Aaron Rassel atrof-muhitni strategik baholash va uning barqaror turizm uchun ahamiyatiga to‘xtaldi.

Ma’lumot uchun, GGGI bilan hamkorlikda yashil rivojlanish borasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, 27-avgust kuni 2024–2028-yillarga mo‘ljallangan GGGIning O‘zbekistonda Hamkorlik bo‘yicha Davlat Dasturi (HDD) yakuniy tasdiqlandi. Hujjat O‘zbekistonni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini aks ettiradi va 2030-yilgacha GGGI Mintaqaviy Osiyo strategiyasiga mos keladi. Unda yashil rivojlanish loyihalarini amalga oshirish orqali ekologik barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishga e’tibor qaratiladi. 2024–2028-yillarda GGGI O‘zbekistonni qulay muhit yaratish, jumladan, yashil investitsiyalar uchun tegishli me’yoriy-huquqiy bazalarni ishlab chiqish va yangilashda qo‘llab-quvvatlashga va investitsiyalarni iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi, barqaror o‘rmonlar hamda yashil binolarga bevosita jalb qilish bo‘yicha loyihalarni tayyorlashga e’tibor qaratadi.

GIZning Mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Yoaxim Frits iqlimni muhofaza qilish strategiyalari bo‘yicha siyosiy muloqot va bilimlarni boshqarish haqida gapirdi.

Ma’lumot uchun, Ekologiya vazirligi va GIZ o‘rtasidagi samarali hamkorlik davom etmoqda. Xususan, yaqinda ikkita loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. Birinchi kelishuv 2024-yilning fevralidan 2025-yilning iyunigacha amalga oshiriladigan “Iqlimni muhofaza qilish strategiyalari boʻyicha siyosiy muloqot va bilimlarni boshqarish” (DIAPOL-CE) loyihasini amalga oshirishga bagʻishlangan. Ushbu loyiha hamkor mamlakatlarni iqlimga mos, barqaror va ekologik toza iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha uzoq muddatli senariy va strategiyalarni ishlab chiqishda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Oʻzbekistonda loyiha iqlim oʻzgarishining qoʻriqlanadigan hududlar va botqoqliklarga ehtimoliy salbiy taʼsirini oʻrganish uchun Sudochye koʻllari tizimidagi iqlim xavfi tahlilini qoʻllab-quvvatlaydi.

Loyihaning asosiy maqsadi loyihaning birinchi bosqichida ishlab chiqilgan va mintaqaning barcha davlatlari tomonidan kelishilgan Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishiga moslashish va yumshatish boʻyicha Mintaqaviy dasturni amalga oshirishdan iborat.

Ushbu loyiha doirasida 2028-yilgacha atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlarini qisqartirish va iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha harakatlar rejasini yangilash boʻyicha dialog uchrashuvlari, ekspert koʻmagi tashkil etiladi, shuningdek, qo’shma Markaziy Osiyo siyosiy deklaratsiyasi, iqlim o’zgarishiga duchor bo’lgan hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarining zaifligini baholash metodologiyasi va gender nuqtai nazaridan iqlim o’zgarishiga moslashish bo’yicha o’quv moduli kabi hujjatlarni ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Shuningdek, BMT Turizm tashkiloti Texnik hamkorlik va Ipak yo‘li departamenti direktori Djeymi Mayaki O‘zbekistonda barqaror turizmni rivojlantirish bo‘yicha sharoit va imkoniyatlar yetarli ekanligi, ayniqsa, mamlakatning uzoq tarix davomida Buyuk ipak yo‘li bo‘yida joylashganligi sohaning yanada ravnaq topishida muhim ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidladi.  Turkiyaning Alaniya universiteti Turizm fakulteti professori Kemal Kantarji “O‘zbekistonda turizm barqarorligi va iqlim o‘zgarishi asosiy tahdid sifatida” mavzusida ma’ruza qildi.