“Lenta” nashri va “Profil” jurnalida faoliyat yuritgan rossiyalik jurnalist Inessa Papernaya Toshkent shahridagi mehmonxonalardan birida o‘lik holda topildi. Bu haqda “Baza” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, jurnalist O‘zbekistonga dam olish uchun kelgan. U hamrohi bilan “Karaman Palace” mehmonxonasiga joylashgan.
20-oktyabr kuni kechqurun Inessaga pochta jo‘natmasi kelgan. Mehmonxona xodimlari eshikni taqillatishsa hech kim javob bermagan. Shundan so’ng, mehmonxona xodimlari xonani ochishga qaror qilishgan. Eshik ochilib, xonaga kirishganda ichkarida ikkita jasad – Papernaya va uning do‘stining jonsiz tanasi topilgan.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, marhumlar ventilyatsiya tizimiga kirib qolgan gazdan zaharlangan. 20 oktyabrga o‘tar kechasi mehmonxonada basseyn tozalangan – chamasi, gaz quvurdan ko‘tarilib, Papernayaning xonasiga kirib qolgan.
Nashrning yozishicha, hodisa yuz berganidan so‘ng “Karaman Palace” mehmonxonasi muhrlangan, hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 20-oktyabr kuni Mirobod tumanida joylashgan mehmonxonada Rossiya Federatsiyasi fuqarolari 1979-yilda tug‘ilgan Radchenko Maksim va 1977-yilda tug‘ilgan Papernaya Inessa Viktorovnalarning vafot etganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, ushbu mehmonxonadagi boshqa xonaning yuvinish xonasidan O‘zbekiston fuqarosi 1976-yilda tug‘ilgan U.X. ning vafot etganligi aniqlangan.
Dastlabki sud tibbiy tashxisiga ko‘ra, marhumlarning o‘limi noma’lum etiologiyali zaharlanishdan kelib chiqqanligi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!