Eron ustidagi havo hududining yopilishi munosabati bilan aviakompaniyalar parvoz yo‘nalishlarini o‘zgartirdi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Jazeera Airways” aviakompaniyasining Toshkent-Quvayt yo‘nalishi bo‘yicha J9-1650 reysi soat 04:50 da uchib, Toshkent aeroportiga qaytgan va soat 07:06da jo‘nash aeroportiga qo‘ngan.
Shuningdek, “Fly Dubai” aviakompaniyasining Dushanbe-Dubay yo‘nalishi bo‘yicha FZ-778 reysi ekipaji Toshkentdagi muqobil aerodromga yo‘l olishga qaror qilgan. Samolyot mahalliy vaqt bilan soat 08:32 da Toshkentga kelib qo‘ngan. Ekipajning dam olishi munosabati bilan Toshkentdan uchish mahalliy vaqt bilan soat 21:00 ga belgilangan. Yo‘lovchilarning mehmonxonaga joylashtirilishi belgilangan.
“Fly Dubi” aviakompaniyasining Toshkent-Dubay yo‘nalishi bo‘yicha FZ-1942 reysi ham soat 04:58da havoga ko‘tarilib, 06:58 da Ashxoboddagi muqobil aerodromga qo‘ngan.
“Centrum Air” aviakompaniyasining Jidda-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha C6-702 reysi ham xuddi shu sabab bilan Ar-Riyoddagi muqobil aerodromga qo‘ngan. Shuningdek, Madina-Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha C6-3336 reysi ham Toshkent vaqti bilan soat 08:17 da Al-Maktum (Dubay) aeroportiga qo‘ngan.
“Ushbu reyslarning jo‘nab ketishi haqidagi to‘liq ma’lumotlarni aviakompaniya vakillaridan olish mumkin”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, marshruti Eron havo hududi orqali amalga oshiriladigan bir qator reyslar O‘zbekiston shaharlaridan kechikish bilan uchgan.
Bugun, 26-oktyabr tonga yaqin Isroil Eronga havo hujumi uyushtirgan va 100 dan ortiq raketa uchirgandi. Eron havo hududini yopib, keyingi ogohlantirishgacha barcha reyslarni bekor qilganini e’lon qildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!