Mamlakat prezidenti Ferdinand Markos tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan Manila janubi-sharqidagi hududga tashrif buyurdi.
Filippinga yopirilgan «Trami» tropik to‘foni natijasida yuzaga kelgan suv toshqinlari va ko‘chkilar oqibatida halok bo‘lganlar soni 110 kishiga yetdi. Bu haqda hukumatning tabiiy ofatlarga chora ko‘rish agentligiga tayanib, The Sun xabar berdi.
Qayd etilishicha, qurbonlar soni avvalroq izolyatsiyada qolgan tumanlardan xabarlar kelishi bilan oshib borishi kutilmoqda. Shuningdek, kamida 42 kishi bedarak yo‘qolganlar safida qolmoqda.
Mamlakat prezidenti kichik Ferdinand Markos tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan Manila janubi-sharqidagi hududga tashrif buyurdi. U hukumat iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga kelayotgan suv toshqinlariga qarshi kurash bo‘yicha yirik loyiha ustida ish boshlashni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Filippinda to‘fon 4,4 million aholiga ta’sir ko‘rsatgan, yuz minglab insonlar evakuatsiya markazlarida qolmoqda. Butun Luson oroli hududidagi maktablarda darslar va hukumat muassasalari faoliyati to‘xtatilgan. Transport infratuzilmasiga zarar yetgan, jumladan, qator reyslar bekor qilingan. O‘n mingga yaqin odam Filippindagi portlarda qolib ketgani aytilmoqda.
Ma’lumot uchun, Filippinda 7 mingga yaqin orollar mavjud bo‘lib, u yerga har yili 20 ga yaqin to‘fon yopiriladi. «Trampi» 2024-yil boshidan beri kuzatilgan 11-to‘fon hisoblanadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!