Musa Jamanboyev Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchisi lavozimidan ozod etildi. Tegishli farmonni Prezident Sadir Japarov imzoladi.
Musa Jamanboyev 1978-yil 20-iyunda Chuy viloyatida tug‘ilgan. 2000-yilda Bishkek gumanitar universitetining sharqshunoslik va xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakultetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2000-yilda Tashqi ishlar vazirligi davlat protokoli xizmati kotibi yordamchisi sifatida boshlagan.
Keyin Tashqi ishlar vazirligi davlat protokol xizmati attashesi, Bosh vazirning Protokol yordamchisi, Bosh vazirning Protokol xizmati rahbari, Hukumat devonining xalqaro hamkorlik va protokol xizmati rahbari o‘rinbosari, Muvaqqat hukumat devonining xalqaro aloqalar bo‘limi eksperti, Xalqaro aloqalar va protokol bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari, Jogorku Kenesh devonining Protokol va pasport-viza xizmati boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.
2017-yilda Jamanboyev Prezident ma’muriyati tashqi siyosat bo‘limining protokol sektori mudiri, 2021-yilda esa Prezident protokol xizmati rahbari etib tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, Jamanboyev 2022-yil aprelidan buyon O‘zbekistondagi elchi lavozimida ishlab kelayotgan edi. U 2022-yilning noyabrida Prezident Shavkat Mirziyoyevga ishonch yorliqlarini topshirgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!