Rossiyaning Baykalorti o‘lkasida joylashgan Nerchinsk shahridagi 1-sonli axloq tuzatish markazidan to‘rt nafar mahkum qochib ketdi. Bu haqda viloyat Jazoni ijro etish federal xizmati matbuot xizmati xabar berdi.
Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida ulardan ikkitasi Chita va Amur viloyatida topilgan. Chitada qo‘lga olingan mahkumning ismi Rusin ekanligi qayd etilgan.
“Mahkumni ushlash vaqtida jismoniy kuch va maxsus vositalar ishlatilmadi. Hozirda mahkum Nerchinsk shahridagi axloq tuzatish markazining qoidabuzarlar joylashgan joyiga olib ketildi”, deyilgan boshqarma xabarida.
Ikkinchi mahkum – Chekrishev bo‘lib, u Amur viloyatidagi uyida ushlangan.
“Kelgusida majburiy mehnatga hukm qilinganlar ma’lumotlariga asoslanib, Jazoni ijro etish boshqarmasi xodimlari jazo turini o‘zgartirish uchun zarur hujjatlarni sudga yuboradi”, deya qo‘shimcha qilgan mintaqaviy Federal Jazoni ijro etish xizmati.
Baykalorti o‘lkasi Tergov qo‘mitasi tergov boshqarmasiga holat bo‘yicha Rossiya Jinoyat kodeksining 293-moddasi (Mansabdor shaxsning o‘z vazifalariga nisbatan vijdonsiz yoki ehtiyotsiz munosabatda bo‘lishi, beparvolik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, voqea yuzasidan tekshiruv o‘tkazish topshirilgan. Ushbu modda bilan aybli deb topilganlarga 7 yil qamoq jazosi berilishi mumkin.
“Tergov qo‘mitasi tergovchilari zaruriy o‘rganish ishlarini olib boradi. Nerchinskda joylashgan Axloq tuzatish markazi rahbariyati va xodimlari so‘roq qilinadi. Tergovchilar mahkumlarning yashash sharoitlarini tartibga soluvchi hujjatlarni va ularning muassasada qanday nazorat qilinganini o‘rganadi”, deyiladi idora matbuot xizmati xabarida.
“Baza» hamda ”Shot” Telegram-kanallarining yozishicha, qochib ketgan mahkumlar soni besh nafarni tashkil etadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular qochishdan oldin tartibbuzarlar xonasida bo‘lgan va hech qanday qarshiliksiz muassasadan chiqib ketgan. Jazoni ijro etish markazida tunda soqchi bo‘lmagan, atigi bitta navbatchi ishlagan xolos.
Avvalroq, Rossiyaning Lipetsk viloyatida olti mahkum koloniyadan qochib ketgandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!