Jinoyat

Kosmetika kremi ichiga yashirilgan oltinlar aniqlandi

Kosmetika kremi ichiga yashirilgan oltinlar aniqlandi

Bojxona qo‘mitasi axborot xizmatining xabar berishicha, Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijiy mamlakatga uchib ketayotgan fuqaroning qo‘l sumkasi bojxona xodimlari tomonidan ko‘zdan kechirilganda, uning ichida bojxona nazoratiga taqdim etilmagan, umumiy og‘irligi 187 gramm bo‘lgan 6 dona oltin quymasi hamda 7 dona xitoy iyerogliflari tushirilgan tangalar uddaburonlik bilan kosmetika kremi ichiga yashirilgani aniqlandi.

Shundan so‘ng, ushbu fuqaro shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, uning yonidan og‘irligi 20 gramm bo‘lgan quyma tilla uzuk ham borligi aniqlandi.

Ashyoviy dalil sifatida olingan ushbu buyumlarning umumiy qiymati 223 million so‘mni tashkil qildi. Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, rezident va norezident jismoniy shaxslarga — qiymati 100 mln so‘mgacha bo‘lgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan, 100 mln so‘m va undan ortiq bo‘lganlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsat beriladi. Shuningdek, yaratilganiga ellik yildan oshgan madaniy boyliklarni respublika hududidan olib chiqish mumkin emas.