Jamiyat

O‘zbekistonda 125 mingta ishsiz yoshlar qoldi

O‘zbekistonda 125 mingta ishsiz yoshlar qoldi

O‘zbekistonda 14−30 yoshli yigit-qizlar soni 9 milliondan ziyodni tashkil etadi. 2024-yilning yanvar-sentabr oylarida 344 ming yoshdan 219 ming nafari ishga joylashgan. Hozirda ishsiz yoshlar soni 125 ming bo‘lib, ular 2024-yilda maktabni tamomlab, OTMga kira olmaganlar hisoblanadi.

O‘zbekiston aholisining 16 millionga yaqinini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi, ularning 9 milliondan ortig‘i 14−30 yoshli yigit-qizlardir. Bu haqda 25-oktabr kuni “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” doirasida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev ma’lum qildi.

“Mahallada yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlash va manfaatini himoya qilishga yoshlar yetakchisi tizimi javob beradi. Uch yil oldin muhtaram prezidentimiz topshirig‘i va qo‘llab-quvvatlashlari natijasida respublika komissiyasi tashkil qilingan edi. 9452 nafar mahalla yetakchilari orqali yoshlar bilan ishlash tizimi joriy qilindi”, — dedi u.

“2024-yil boshida mamlakatimizda 344 ming nafar ishsiz yoshlar bor edi. To‘qqiz oy ichida ularning 125 mingtasi qoldi. Ularning ham ikki oy ichida bandligi ta’minlanadi, bunga yoshlar yetakchisi va hokim yordamchisi ko‘maklashadi. 125 ming yoshlar 2024-yil may oyida maktabni tamomlab, oliy o‘quv yurtiga kira olmay, qolib ketganlar hisoblanadi. Har bittasini bandligini ta’minlashga alohida e’tibor beriladi”, — dedi Quronboyev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishlaridan kelib chiqib, “yaxshi” (4,4 mln), “o‘rta” (4,6 mln) va “ahvoli og‘ir” (396 ming) toifalariga ajratilishi haqida xabar berilgan edi.