JSST hisobotiga koʻra, iqlim oʻzgarishining sogʻliq uchun tahdidlarini koʻrsatib boruvchi 15 koʻrsatkichdan 10 tasi yangi rekordlarni qayd etdi. Oʻtgan yili odamlar sogʻligʻi uchun xavfli ekstremal harorat odatdagidan 50 kun koʻproq vaqt davomida kuzatildi, kuchli qurgʻoqchilik esa global quruqliklarning 48 foiziga ta’sir koʻrsatdi.
Dunyo boʻylab jadallik bilan oʻzgarib borayotgan iqlim tufayli inson salomatligiga tahdidlar rekord darajaga yetgani ma’lum qilindi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan, 57 ta ilmiy muassasa hamda BMT, Jahon Meteorologiya Tashkilotining 122 nafar etakchi ekspertlari tomonidan ilgari surilgan Lanset salomatlik va iqlim oʻzgarishi hisoboti e’lon qilindi.
Hisobotga koʻra, global izlanishlar iqlim oʻzgarishining sogʻliq uchun tahdidlarini koʻrsatib boruvchi 15 koʻrsatkichdan 10 tasi yangi rekordlarni qayd etgan.
2023-yil kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yil boʻlib, doimiy qurgʻoqchilik, halokatli jazirama toʻlqinlari va halokatli oʻrmon yongʻinlari, boʻron va suv toshqinlari bilan odamlar salomatligi, hayoti va turmush tarziga favqulodda ta’sir koʻrsatdi. Oʻtgan yili odamlar sogʻligʻi uchun xavfli ekstremal harorat odatdagidan 50 kun koʻproq vaqt davomida kuzatildi, kuchli qurgʻoqchilik esa global quruqliklarning 48 foiziga ta’sir koʻrsatdi.
65 yoshdan oshgan odamlar orasida issiqlik bilan bogʻliq oʻlimlar 1990–yillardagi darajaga nisbatan oʻtgan yili rekord darajada – 167 foizga oshdi.
Haroratning koʻtarilishi 512 million potentsial ishchi kuchining yoʻqolishiga olib keldi, ayni paytda butun dunyo boʻylab odamlar piyoda yoki velosipedda yurish kabi ochiq havoda engil jismoniy mashqlar paytida rekord darajadagi issiqlik stressiga duchor boʻlishdi. Bu yoʻqotish 1990-1999 yillardagi oʻrtacha koʻrsatkichga nisbatan 49 foizga yuqori va 835 milliard dollarlik iqtisodiy hajmga toʻgʻri keladi.
Soʻnggi 10 yil ichida 1961-1990-yillardagi oʻrtacha koʻrsatkich bilan solishtirganda, yer yuzining 61 foizida ekstremal yogʻingarchilik hodisalari koʻpaydi. Bu suv toshqini, yuqumli kasalliklar va suvning ifloslanishi xavfini oshirdi. Bunga parallel ravishda tez-tez uchraydigan issiqlik toʻlqinlari va qurgʻoqchilik 2022-yilda 124 mamlakatda 151 milliondan ortiq kishining oziq-ovqat ta’minotida jiddiy muammolarga duch kelishiga olib keldi.
Shunday qilib, 2019-2023-yillarda ekstremal ob-havo hodisalari natijasida yuzaga kelgan iqtisodiy yoʻqotishlarning umumiy yillik qiymati 227 milliard dollarga yetgani taxmin qilingan.
Tez oʻzgarib turadigan iqlim tufayli chivinlar bilan yuqadigan oʻlimga olib keladigan yuqumli kasalliklarning tarqalishi ehtimoli ham oshdi. Oʻtgan yili 80 dan ortiq mamlakatlarda 5 milliondan ortiq denge kasalligi qayd etilgan va bu tarixdagi eng yuqori koʻrsatkichdir.
Hisobotda hukumatlar va kompaniyalarning qazib olinadigan yoqilgʻilarga doimiy sarmoyalari tarixdagi eng yuqori darajaga etgani, bu esa emissiyaning ham mos ravishda ortishi hamda yoʻqotishlarni keltirib chiqarayotganini koʻrsatmoqda. Oʻtgan yili energetika sektoridan karbonat angidrid chiqindilari hajmi 2022-yilga nisbatan 1,1 foizga oshib, tarixdagi eng yuqori darajaga yetdi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!