Jahon, Siyosat

Germaniya uchta shahridagi Eron konsulxonalarini yopdi

Germaniya uchta shahridagi Eron konsulxonalarini yopdi

Germaniyaning muvaqqat ishlar vakili Berlinning Eronning uchta konsulligini yopish haqidagi qarori ortidan Eron Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi, Tehron fikricha, bu Eron fuqarolarining konsullik xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini cheklaydi.

Eron TIV vakilining ta’kidlashicha, Berlinning Germaniyadagi Islom Respublikasining konsullik idoralari faoliyatini toʻxtatishga qaratilgan chorasi “oʻzini oqlamaydigan harakatdir”.

Uning soʻzlariga koʻra, Frankfurt-na-Mayn, Gamburg va Myunxendagi Eron konsulliklari “Germaniyada yashovchi eronliklarga zarur konsullik xizmatlarini koʻrsatish va ularning qabul qiluvchi davlatdagi manfaatlarini himoya qilish” uchun tashkil etilgan. Uning ta’kidlashicha, konsulliklarning yopilishi Eron fuqarolari uchun asossiz qiyinchiliklar tugʻdiradi va ularning asosiy huquqlarini buzadi.

Konsulliklarni yopish toʻgʻrisidagi qaror Germaniya va Eronning ikki fuqaroligiga ega boʻlgan Jamshid Sharmahdning Eronda qatl etilishi munosabati bilan 31-oktyabr kuni Germaniya tomonidan qabul qilingan. Sharmahd terrorchilik faoliyatida, Markaziy razvedka boshqarmasi, FBI va Mossad kabi razvedka idoralari bilan hamkorlik qilish hamda Eron monarxiyasi bilan aloqada ayblangan.

U Qoʻshma Shtatlarda yashagan, BAAda hibsga olingan va 2020-yilda razvedka operatsiyasi davomida Eronga oʻtkazilgan. Sharmaxd 2023-yilda oʻlim jazosiga hukm qilindi, bu Germaniyaning Tehrondan ikki diplomatini chaqirib olishiga sabab boʻldi. Hukm 2024-yil aprel oyida tasdiqlangan.

Konsulliklar yopilishi bilan Eronning Germaniyadagi diplomatik faoliyati endi Berlindagi elchixona bilan cheklanadi, deb xabar beradi interfax.ru.