Jamiyat

Toshkent viloyatida bir oilaning ikki a’zosi is gazidan vafot etdi

Toshkent viloyatida bir oilaning ikki a’zosi is gazidan vafot etdi

Toshkent viloyati Bekobod tumanida ota va o‘g‘il is gazidan zaharlanib vafot etdi. Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Toshkent viloyati Bekobod tumanida ota va o‘g‘il is gazidan zaharlanib vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, hodisa 17-oktabrdan 18-oktabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Fuqarolar D.T. va R.T (er-xotin) hamda ularning farzandi F.I. birgalikda yotoqxonada uxlagan.

18-oktabr kuni tongda fuqaro E.B. (marhumning amakisi) uyga kirganda, xona is gazidan hidlanib ketgani, jiyani va uning o‘g‘li vafot etgani, ayoli esa karaxt holatda yotganini aniqlagan.

Bekobod tumanlararo sud-tibbiy ekspertizasining 18-oktabrdagi dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, marhumlarning o‘limi is gazidan o‘tkir zaharlanish oqibatida sodir bo‘lgan.

Bemor R.T. noma’lum etiologiya gazidan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan davolanib chiqqan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Holat yuzasidan baxtsiz hodisa sabablarini tekshirish komissiyasi tuzilgan. Komissiya hodisa sodir bo‘lgan joyning holatini o‘rganadi va tegishli dalolatnomani rasmiylashtiradi.