Jamiyat

Andijonda maktab direktori o‘quvchilarni kaltakladi

Andijonda maktab direktori o‘quvchilarni kaltakladi

Andijondagi maktabda direktor o‘quvchilarni kaltaklagani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holat yuzasidan izoh berdi.

Tarmoqlarda tarqalgan videoga ko‘ra, holat Oltinko‘l tumani Qoraqalpoq mahallasida joylashgan 38-umumta’lim maktabida sodir bo‘lgan.

Videoda direktor ekani aytilayotgan ayol o‘quvchilardan birining yuziga to‘xtovsiz tarsaki tushirib, uni tartibga chaqirayotganini ko‘rish mumkin.

“Sen va do‘stingdan hamma o‘qituvchilar dod deyapti. Senlarning dastingdan dars o‘ta olishmayapti. Mana shu bolalar maktabga bilim olaman deb kelgan”, — deydi rahbar ayol.

Viloyat MMTB munosabatiga ko‘ra, hozirda boshqarmada ishchi guruh tuzilib, vaziyat o‘rganilmoqda. O‘rganish ishlari yakunlariga ko‘ra batafsil ma’lumot berilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Bolalar ombudsmani ham vaziyatni o‘rganmoqda.

Aniqlanishicha, 8-sinf o‘quvchisi Q.M. (o‘g‘il bola) sinf xonada pirotexnika vositalaridan foydalangan. Bunga javoban maktab direktori tarbiyaviy maqsadda Q.M.ni va sinfdagi boshqa bir necha bolalarni kaltaklagan.

Oltinko‘l tumani IIB tomonidan holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Bu borada qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan bunday nomaqbul munosabat va jismoniy jazo qo‘llash holatlariga yo‘l qo‘yish mumkin emas. Bola davlat va qonun himoyasida, deyiladi xabarda.