Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi 38-maktabda o‘quvchilarni kaltaklagan direktor ishdan olindi. Bu haqda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Ushbu maktab 1954-yilda qurilgan bo‘lib, 2006-yilda joriy ta’mirdan chiqarilgan. Bugungi kunda 370 o‘ringa mo‘ljallangan ta’lim muassasasida 475 nafar o‘quvchilar 39 nafar o‘qituvchilardan ta’lim olib kelmoqda.
Holat joriy yilning 30-oktabr kuni soat 14:30 da maktab sinfxonasida sodir bo‘lib, unda maktab sinfxonasida pirotexnika vositalaridan foydalangan bir guruh o‘quvchi-yoshlarni tartibga chaqirish jarayonidagi maktab direktori M.Mning xatti-harakatlari tasvirga olingan.
Mazkur holatda maktab direktori M.M o‘quvchilarga nisbatan pedagogik etika qoidalari doirasida munosabatda bo‘lmaganligi sababli egallab turgan lavozimidan ozod etilib, hozirda tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmoqda, deyiladi viloyat MMTB xabarida.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!