Kamala Xarris agar saylovda g‘alaba qozonsa, Amerikaning birinchi ayol prezidentiga aylanadi.
AQSh tarixida ko’p amerikalik ayollar prezident yoki vitse-prezident bo‘lishga harakat qilgan, biroq ularning aksariyati kuchsizroq partiyalardan nomzod bo‘lgani uchun muvaffaqiyat qozona olmagan.
Umuman, AQSH ayol siyosatchilari orasida eng mashhurlari Xarris va Xillari Klinton.
So‘nggi yillarda mamlakat siyosiy maydonida ayollarning ta’siri kuchaydi. 2024-yilgi prezidentlik saylovi ushbu faollikni yana bir bor ko‘rsatdi.
Kamala Xarris 1964-yil tug‘ilgan. Onasi hindistonlik, otasi yamaykalik. Huquqshunoslik diplomini olgach, Kamala faoliyatini Alameda okrugi prokurori sifatida boshlagan.
Xillari Klinton 1947-yil AQSHda tug‘ilgan, siyosiy faoliyatini Respublikachilar partiyasida boshlagan.
Xillari Bill Klintonga Yel universitetini tamomlagandan so‘ng turmushga chiqqan. U Oq uyga eri ilk bor Arkanzas shtati gubernatori, keyin 1992-yil prezident bo‘lganda kirgan.
Klinton faol siyosiy karerani davom ettirdi va 2000-yil Nyu-Yorkdan senator etib saylandi. Bu mintaqadan ilk ayol senator chiqishi edi. 2006-yil lavozimiga qayta saylandi.
Klinton 2016-yil saylovchilar kollegiyasiga ovoz berishda raqibi Donald Trampga yutqazgan.
Margaret Chey-Smit 1897-yil Meyn shtatida tug‘ilgan. Ilk siyosiy tajribani turmush o‘rtog‘ining maslahatchisi sifatida olgan. 1940-yil aprel oyida erining erta vafotidan keyin u Qo‘shma Shtatlar parlamenti palatasida ish boshlab, sakkiz yil o‘tgach, AQSH Senatidan muvaffaqiyatli o‘rin egalladi. 1948-yil Chey-Smit Kongress tarixida ikkala palataga saylangan birinchi ayol bo‘ldi.
Ayollar huquqini ta’minlash, ta’lim va sog‘liqni saqlashni rivojlantirishdagi sa’y-harakati bilan tanilgan Chey-Smit 1964-yil Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzodi ko‘rsatilgan ilk ayol sifatida tarixga kirdi.
AQSHning birinchi qora tanli kongressmeni Shirli Chisholm 1924-yil Nyu-Yorkda tug‘ilgan. Siyosiy faoliyati tenglik, ijtimoiy adolat va qashshoqlikni bartaraf etish kabi masalalarga qaratilgan. 1968-yil u Nyu-Yorkdan Kongress Vakillar palatasiga saylangan.
Shirli 1972-yilgi prezidentlik saylovida Demokratik partiyadan nomzod birinchi qora tanli ayol sifatida tarixga kirdi. O‘sha davrda Chisholmga teledebatda qatnashishga ruxsat berilmagan. Sudga da’vo qilgandan keyin televizor orqali faqat bir marta nutq so‘zlay oldi, xolos. Binobarin, Chisholm nomzodini ilgari surish orqali boshqa qora tanli siyosatchilarni ham ilhomlantirgan.
1838-yil AQSHda tug‘ilgan Viktoriya Vudxall ayollar huquqi himoyachisi, mamlakatda muhim ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar tashabbuskori edi. Prezidentlikka nomzod va ayollar huquqi faoli sifatida u turli sohalarda ayollar uchun teng huquqqa yo‘l ochdi.
1872-yil prezidentlikka da’vogarlik qilgan Vudxall Qo‘shma Shtatlarda eng yuqori lavozim egallagan birinchi ayol sifatida tanilgan. O‘sha payt mamlakatda ayollar ovoz berish huquqiga ega bo‘lmagani uchun Vudxallning nomzodi faqat ramziy ahamiyatga ega edi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!