Bugun, 4-oktyabr kuni Toshkent viloyatida avtobus va Cobalt ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea soat taxminan 07:00 larda Toshkent viloyati Ohangaron tumani hududidan o‘tgan D 017 “Olmaliq-Toshkent” avtomobil yo‘lining 27-kilometrida sodir bo‘lgan.
Haydovchi D.B Cobalt rusumli transport vositasini boshqarib kelayotgan vaqtda qayrilib olish mumkin bo‘lgan joydan qayrilib olayotgan haydovchi O.D. boshqaruvidagi Isuzu rusumli avtobus bilan to‘qnashuv sodir etgan. To‘qnashuvdan so‘ng, avtoulovlarda qisqa tutashuv sabab yong‘in kelib chiqqan.
YTH oqibatida Cobalt rusumli avtomobil haydovchisi tan jarohati olib, tuman markaziy shifoxonasiga murojaat qilgan.
Hozirda holat yuzasidan Ohangaron tumani IIB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!