Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xoʻjaligida suv va energiya resurslaridan unumli foydalanish masalalari yuzasidan yigʻilish bo’lib o’tmoqda.
Joriy yilda O’zbekistondagi suv omborlarida oʻtgan yilga nisbatan koʻp suv yigʻilgani taʼkidlandi.
Davlat rahbari bu holatdan xotirjamlikka berilmaslik lozimligini qayd etdi.
Dunyoda bir vaqtlar choʻl boʻlgan hududlarda yogʻingarchilik koʻpayib, boshqa joylarda qurgʻoqchilik kengayib borayotgan sharoitda mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kanallarni betonlash boʻyicha tanlangan yoʻl toʻgʻri boʻlgani taʼkidlandi.
Birgina 550 kilometr kanal va ariqlar betonlangani hisobiga 200 ming gektarda suv yaxshilandi, yiliga 450 million kub metr suv iqtisod boʻlayapti.
Suv boshqaruvi isloh qilinib, tuman darajasida suvni hisobga olish tizimi shakllandi, fermerlar suvni hisob-kitob qilishni oʻrgandi. Shaffof tizim tufayli bu yil yerga 2 karra koʻp suv bordi, yana 6 milliard kub metr suv hisobi joy-joyiga qoʻyildi.
Har bir kanalga Irrigatsiya universiteti, Suv muammolari ilmiy instituti, 9 ta texnikumni “dual taʼlim” asosida biriktirish muhimligi taʼkidladi.
Ular loyihadan betonlash tugaguncha boʻlgan barcha jarayonlarni ilmiy yondashuv asosida kuzatib, tavsiya va xulosasini beradi.
Kanallarni betonlash hisobiga suv oqimi tezlashadi. Bu – kichik GESlar qurib, elektr olish uchun katta imkoniyat.
Masalan, Navoiy viloyati kanallarida 11 megavattli 148 ta mikro GES qurish boshlandi. Bunda mahalliy komponent yuqori boʻlgan, Navoiyni oʻzida ishlab chiqarilayotgan uskunalardan foydalanilmoqda.
Umuman, respublikada 2 mingta mana shunday mikro GES qurib, yiliga qoʻshimcha 600 million kilovatt elektr olish mumkinligi taʼkidlandi.
Viloyat hokimlari oldiga Navoiy misolida oʻz hududlarining sanoat salohiyatini ishga solib, mahalliy komponenti yuqori boʻlgan shunday mikro GESlarni loyihalashtirish va barpo etish vazifasi qoʻyildi.
Prezidentimiz 2025-yil suv xoʻjaligida “Nasoslar samaradorligini oshirish yili” boʻlishini taʼkidladi.
Hozir respublikadagi 2,5 million gektar yerni sugʻorishga 1 ming 600 dan ziyod nasos stansiya yiliga 6,8 milliard kilovatt elektr sarflayapti. 2017-yilda 2 million gektarga 8,3 milliard kilovatt ishlatilar edi.
Xususiy sheriklik asosida tejamkor nasos va quyosh panellarini oʻrnatib, 20 foiz elektrni tejash mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.
Mutasaddilarga Jizzax va Namangan bosh nasos stansiyalarini shaffof va jozibador shartda xalqaro tenderga chiqarish topshirildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!