Jahon

Ozarbayjonda G‘alaba kuni nishonlanmoqda

Ozarbayjonda G‘alaba kuni nishonlanmoqda

8-noyabr kuni Ozarbayjonda Vatan urushidagi G‘alabaning to‘rt yilligi nishonlanadi.

2020-yilning 27-sentyabr kuni boshlangan qarshi hujum operatsiyasining dastlabki soatlaridanoq Ozarbayjon armiyasi Armaniston Qurolli Kuchlarining mustahkam mudofaa chizig‘ini yorib o‘tib, respublikaning Fizuliy va Jabrail tumanlaridagi bosib olingan bir qator qishloqlar, shuningdek, strategik balandliklar, jumladan Murovdag tizmasidagi Murov cho‘qqisi qaytarib olindi.

Butun 44 kunlik urush davomida Ozarbayjon armiyasi o‘nlab yillar davomida Armaniston ishg‘oli ostida bo‘lgan yerlarni ozod qildi.

4-oktyabrda Jabrail shahri, 9-oktyabrga kelib Jabrail, Fuzuliy, Terter, Xo‘javend tumanlaridagi qishloqlar, jumladan, Hadrut qishlog‘i egallandi.

17-oktyabrda Fuzuliy shahri Armaniston ishg‘olidan ozod qilingan bo‘lsa, bir kun o‘tib, 18 oktyabr kuni mashhur Xudaferin ko‘prigi ustida Ozarbayjon bayrog‘i o‘rnatildi.

19—20 oktyabrga qadar Jabrayil, Fuzuliy, Xo‘javend va Zangilon tumanlaridagi yana bir qator aholi punktlari, jumladan, Zangilon shahri egallab olindi.

22-oktyabr kuni Zangilon tumanining Agband qishlog‘i ozod etilishi bilan Ozarbayjon Eron bilan davlat chegarasini to‘liq nazorat qilishni taʼminladi.

2020-yilning 21-26-oktyabr kunlari Zangilon, Jabrail, Fuzuliy, Xo‘javend, Gubadli tumanlaridagi aholi punktlari hamda Gubadli shahri ozod qilindi. Bu Ozarbayjon armiyasiga Armanistonni Qorabog‘dagi ayirmachilar bilan bog‘lovchi asosiy magistralni o‘z nazoratiga olish imkonini berdi.

8-noyabr kuni Shusha shahrining ozod qilinishi Armaniston qurolli kuchlarining qarshilik kuchi va ruhiyatini butunlay sindirib, Yerevanni taslim bo‘lishga majbur qildi.

Operatsiya boshlanganidan 2020-yil 27-sentyabrdan 9-noyabrga qadar Ozarbayjon armiyasi 5 ta shahar, 4 ta shaharcha va 286 dan ortiq qishloqni arman bosqinchilaridan ozod qildi.

10-noyabr kuni Ozarbayjon prezidenti, Armaniston bosh vaziri va Rossiya prezidenti Qorabog‘da o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish va barcha harbiy amaliyotlar to‘g‘risidagi bayonotni imzoladi.

Bayonotga ko‘ra, 20-noyabr kuni Agdam tumani Ozarbayjonga qaytarildi – shu orqali mintaqaning 73 foizi, jumladan Agdam shahri ham ishg‘oldan ozod qilindi.

25-noyabr kuni Kalbajar tumani Ozarbayjonga qaytarildi – 147 aholi punkti, jumladan, Kalbajar shahri ishg‘oldan ozod qilindi.

1-dekabrda esa Lochin tumani Ozarbayjonga qaytarildi.

2020-yil 3-dekabrda prezident Ilhom Aliyev Ozarbayjonda 27-sentyabrni Xotira kuni deb belgilash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Ozarbayjon rahbarining yana bir farmoyishiga ko‘ra, Shusha shahri ishg‘oldan ozod qilingan kun — 8-noyabr Ozarbayjon Respublikasida G‘alaba kuni sifatida tantanali ravishda nishonlanadi.