Jahon

Isroil bosh vazirini hibsga olishni so‘ragan XJS prokurori jinsiy tajovuzda ayblanmoqda

Isroil bosh vazirini hibsga olishni so‘ragan XJS prokurori jinsiy tajovuzda ayblanmoqda

Xalqaro jinoiy sud Bosh prokurori Karim Xon jinsiy tajovuzda ayblanib, hozirda unga nisbatan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Hujjatlarga ko‘ra, 54 yoshli Xonga qarshi ayblovlar orasida jinsiy aloqa qilishga majburlash va uzoq vaqt davomida o‘z lavozimini suiiste’mol qilish singari ayblovlar mavjud. Shu bilan birga, XJSdagi bir nechta manbalar ham ushbu ayblovlarni tasdiqlagan.

Xonning o‘zi ijtimoiy tarmoqlarda sudning ichki nazorat organidan zudlik bilan tergov boshlashni so‘ragani va bu tergov bilan to‘liq hamkorlik qilishini aytganini e’lon qilgan.

Nashrning yozishicha, prokuraturadagi to‘rtta manba ham mumkin bo‘lgan manfaatlar to‘qnashuvidan xavotir bildirgan, chunki sudning mustaqil nazorat mexanizmi deb nomlanuvchi ichki nazorat organining yangi rahbari hozir Xon uchun ishlamoqda. Taxmin qilingan jabrlanuvchilardan biri bo‘lgan 30 yoshlardagi advokat ham bevosita Xon uchun ishlagan, biroq u izoh berishdan bosh tortgan.

Avvalroq Xalqaro jinoiy sud Bosh prokurori Karim Xon Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, Mudofaa vaziri Yoav Galant va HAMAS yetakchilari Yahyo Sinvar (vafot etgan) va Muhammad Deyfni (uning o‘limi haqida rasmiy xabar berilgan) zudlik bilan hibsga olish uchun order berishni so‘ragani xabar qilingandi.