Jahon

Pokistonda temiryo‘l vokzalida dahshatli portlash sodir bo‘ldi

Pokistonda temiryo‘l vokzalida dahshatli portlash sodir bo‘ldi

Bugun, 9-noyabr kuni Pokistonning Balujiston viloyati Kvetta shahridagi temiryo‘l vokzalida sodir bo‘lgan portlash oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘ldi va 30 kishi yaralandi. Bu haqda “Geo” xabar berdi.

“Hodisa xudkushlik portlashiga o‘xshaydi, ammo buni aniq aytish uchun hali erta”, dedi politsiya katta boshlig‘i Muhammad Balox.

Aniqlanishicha, portlash mahalliy vaqt bilan soat 09:00 da “Jaffer Express” poyezdi Kvettadan Peshovarga yo‘l olish arafasida sodir bo‘lgan.

Mahalliy hokimiyat vakillarining aytishicha, bir necha jarohatlanganlarning ahvoli og‘ir bo‘lgani uchun qurbonlar soni yanada ortishi mumkin.

Balujiston hukumati vakili Shohid Rindning bildirishicha, politsiya va xavfsizlik kuchlari voqea joyiga yetib borgan. Portlashning kelib chiqish sabablari tekshirilmoqda va mutaxassislar hodisa joyida dalillarni yig‘ishga kirishgan. Shuningdek, shifoxonalarda favqulodda vaziyat rejimi joriy etilgan.