Qozog‘iston Respublikasida bo‘lib turgan va tranzit yo‘nalishida harakatlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari ogohlantirildi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Xabarda so‘nggi kunlarda qo‘shni Qozog‘iston hududlarida ob-havoning keskin sovishi oqibatida yo‘llarda harakatlanish bilan bog‘liq qator noqulayliklar yuzaga kelayotgani qayd etilgan. Shuningdek, yaqin haftalar davomida joylarda tuman, kuchli yomg‘ir hamda yo‘llarda muzlash holatlari respublika darajasidagi avtoyo‘llarda harakatlanishda qiyinchiliklarni vujudga keltirishi mumkinligi ma’lum qilingan.
Shu munosabat bilan, ushbu davlatda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolaridan yo‘llarda harakatlanishda barcha xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish, xavfsiz transport vositalaridan foydalanish, zarurat bo‘lmaganda uzoq masofali yo‘llarda transport vositalarida harakatlanmaslik so‘ralgan.
Ma’lumot uchun, Qozog‘istondagi noqulay ob-havo tufayli Qo‘stanoy viloyatining shimoli-g‘arbida joylashgan Qorabaliq tumani Slavenka qishlog‘idan 5 kilometr uzoqlikdagi dehqon xo‘jaliklaridan birida 1987 yilda tug‘ilgan erkak chorva mollarini izlab ketib, aloqani to‘xtatib qo‘ygan, ish beruvchi yordam so‘rab politsiyaga murojaat qilgan.
Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ko‘ra, qidiruv ishlari 5 noyabrdan buyon qutqaruvchilar, politsiya xodimlari, mahalliy hokimiyat organlari, chegarachilar, ko‘ngillilar, shuningdek, kinologlar guruhi va dronlar yordamida davom etmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!