Namangan viloyati Kosonsoy tumani Chindovul QFYda istiqomat qiluvchi,1985- yilda tug’ilgan fuqaro Tursunov Ziyod Zohidxonovich, 2024-yil 11-noyabr kuni tuman IIB binosiga sababsiz chaqirtirilgan. Fuqaro IIB chaqiruviga bo’yso’nib borgan. Biroq fuqaro shu kuni uyiga qaytmagan. Fuqaro Tursunovning qarindoshlariga bu haqda hech qanday ma’lumot berilmagan.
Demokrat.uz tahririyati tomonidan ushbu holat yuzasidan surishtiruv olib borilganida fuqaro Tursunovning 2024-yil 12-noyabr kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi, o‘z binosida, ochiq sud majlisida, tuman sudining sudyasi N.I.Inoyatovaning raisligida, Tursunov maʼmuriy huquqbuzarlikda ayblanib, 15 sutkaga qamoq jazosiga hukm qilingani aniqlandi.
Ushbu sud qarori e’tiborimizni tortdi.
Sud hukmiga ko’ra, fuqaro Tursunov Ziyod Zoxidxonovich-O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 194-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik, ya’ni ichki ishlar xodimining qonuniy talabini bajarmaslikda aybdor deb topilgan va 15 (o‘n besh) sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.
Shuningdek, hukmda keltirilishicha, huquqbuzar Tursunov, 2024-yil 11-noyabr kuni Toshkent shahar Bektemir tumani X.Boyqaro MFY hududida yurgani, shunda ichki ishlar xodimlari kelib, undan shaxsini tasdiqlovchi hujjat so‘rashgani, u esa jahli chiqib, ularga qo‘pol muomalada bo‘lgani, kelgusida bunday holat boshqa takrorlanmasligini aytib suddan yengillik so’ragan.
Shu o’rinda qiziq savol tug’iladi.
11-noyabrda Kosonsoy tuman IIBga chaqirilgan fuqaro qanday qilib Bektemir tumanida paydo bo’lib qolgan va ichki ishlar xodimlariga qo’pol munosabatda bo’lgan?
DEMOKRAT.UZ ga kelib tushgan ma’lumotga ko’ra, fuqaro Tursunovning yaqinlari 10 kungacha u haqida hech qanday ma’lumot topisholmagan. Qayerda, kim tomonidan va nima maqsadda ushlab turilgani haqida ham oydinlik kiritisholmagan.
Shundan so’ng, 19- noyabr kuni Tursunovning Toshkent shahar IIBBda saqlanayotganidan yaqinlari xabar topishgan va advokatga murojaat qilishgan. Lekin uch kundirki, IIBB fuqaro Tursunovning advokati bilan ko’rishishga ruxsat berishmagan.
Demokrat.uz tahririyati fuqaro Tursunov haqida ma’lumot olish maqsadida hozirda saqlanayotgan Toshkent shahar IIBBning matbuot kotibi bilan bi necha bor bog’lanib ko’rishdi, biroq ular ma’lumot berishdan bosh tortishdi.
Shundan so’ng, mahkum Tursunovning advokati Inson huquqlari bo’yicha Oliy Majlis vakili (Ombudsman)ga holat yuzasidan murojaat yo’llagan. Ombudsmanning ma’lumot berishicha, ushbu holat nazoratga olingan.
Katta ehtimol bilan fuqaro Tursunovga nisbatan tan jarohati yetkazilgan. Shu sababli advokati va yaqin qarindoshlari bilan uchrashuvga ruxsat berishmagan.
O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida inson qadrini yuksaltirish borasida bir qator islohotlar olib borilayotganiga qaramay, ushbu holatlarning kuzatilayotgani tizim va xalqimizga xiyonat emasmi?!
Sud ishi bo’yicha jurnalistik surishtiruv davom etadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!