Iqtisod

Rossiyaga qarshi sanksiyalar O‘zbekistonga ham ta’sir o‘tkazishi mumkin

Rossiyaga qarshi sanksiyalar O‘zbekistonga ham ta’sir o‘tkazishi mumkin

Noyabr oyining 3 dekadasi avvalida AQSH Moliya vazirligi Rossiyaning Gazprombank va “DOM.rf” bankiga qarshi sanksiyalar joriy qilgan edi. Bu bankning O‘zbekistondagi loyihalarini davom ettirishga to‘sqinlik tug‘dirishi mumkin.

Gazprombankda Rossiyaning xorijdagi diplomatik muassasalariga bank ishtirokida operatsiyalar o‘tkazishga imkon beruvchi asosiy litsenziya mavjud. Gazprombankka qarshi sanksiyalar uning SWIFT tizimidan uzib qo‘yilishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, bankning xorijda ishlaydigan Union Pay kartalari bor.

AQSH Moliya vazirligi xabarnomasida Rossiya mazkur bankdan Ukrainaga qarshi urushni davom ettirish uchun harbiy anjomlar sotib olish va rossiyalik harbiylarga pul o‘tkazish uchun foydalanayotgani aytilgan. Gazprombank va “DOM.rf” o‘z aktivlari hajmiga ko‘ra Rossiyaning eng yirik kredit tashkilotlari o‘ntaligiga kiradi.

Vazirlik tomonidan Rossiyaning Gazprombankiga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar O‘zbekistonning qazib olish sanoati uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Xususan, 4,8 milliard dollarlik “Yoshlik” mis koni kengaytirish loyihasi tahdid ostida qolmoqda. Gazprombank ushbu loyihaning asosiy moliyaviy hamkori bo‘lib, uning maqsadi 2026-yilgacha O‘zbekistonning mis ishlab chiqarish hajmini ikki baravarga oshirishdir. Bankning xalqaro to‘lov tizimidan chiqarib yuborilishi natijasida O‘zbekiston uchun loyihani moliyalashtirishda qiyinchiliklar paydo bo‘lgan.

Sanksiyalar sabab, “Yoshlik” koni kengaytirish loyihasi moliyaviy mablag‘ yetishmasligi tufayli kechikishi yoki to‘xtab qolishi mumkin. Ma’lumot uchun, aynan Gazprombank Rossiyaning Ukrainaga bosqinini moliyalashtirish, neft va gazdan olayotgan daromadlarini harbiy maqsadlarga kanallashtiruvchi va qayta taqsimlovchi bank sifatida ko‘riladi. Urush boshlangach, aynan Gazprombank neft va gaz hisob-kitoblari uchun darcha sifatida jazolanmay kelayotgandi.

Bundan avvalroq AQSh Rossiya va Shimoliy Koreyaga qarshi yangi sanksiyalar qabul qilish ustida ishlayotgani haqida ma’lum qilgandi. Vashington yangi paketni saylangan prezident Donald Tramp iqtidorga kelguniga qadar tasdiqlashga ulgurmoqchi. Tramp Rossiya bilan Ukraina o‘rtasidagi harbiy ziddiyatni tezda hal qilishni istashini bildirgan edi. G‘arb mamlakatlari Tramp takliflarining bir qismi Kiyev uchun manfaatli bo‘lmasligi mumkinligini istisno qilishmayapti.

Avvalroq Buyuk Britaniya va AQSh hukumati Rossiyaga ko‘rsatilayotgan yordam tufayli O‘zbekiston, Xitoy, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlar kompaniyalariga nisbatan sanksiyalar joriy qilgandi. Bundan bir hafta avval esa xuddi shunday tarzda AQSh moliya vazirligi ham o’zining sanksiya ro‘yxatiga O‘zbekistonning ikki kompaniyasini kiritgan edi.

Uzstanex va The Elite Investment Group AQShning savdo taqiqlarini buzgan holda Rossiyaga dastgohlar va elektr transformatorlari kabi sanksiyalangan mahsulotlarni yetkazib berishda ayblangan. AQSh moliya vazirligi xodimi Uolli Adeyemo Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Rossiya tomonidan harbiy maqsadlarda, xususan, Ukrainadagi maxsus operatsiya doirasida foydalanishi mumkin bo‘lgan asosiy texnologiya va uskunalar yetkazib berilishi ustidan nazoratni kuchaytirish niyatida ekanini bildirgan.