Jahon

Ukrainada 83 ming Rossiya askari halok bo‘ldi

Ukrainada 83 ming Rossiya askari halok bo‘ldi
Ukrainadagi urushda kamida 83 338 nafar rus askari halok bo‘lgan. Bu raqam 13-dekabr, juma kuni VVS rus xizmati tomonidan e’lon qilindi. «Mediazona» va ko‘ngillilar jamoasi bilan birgalikda u ochiq ma’lumotlarga asoslanib halok bo‘lganlarni hisoblamoqda.

Oxirgi ikki hafta ichida ro‘yxat 2365 ta nom bilan to‘ldirildi. Ro‘yxatga faqat o‘limlari haqida ommaga ma’lum qilingan rossiyalik harbiylar kiradi. Jurnalistlar bu ko‘rsatkichni halok bo‘lganlarning haqiqiy sonining 45-65 foizi atrofida baholamoqda. Bu ko‘rsatkich 128-185 ming kishi bo‘lishi mumkinligini anglatadi. Bu raqam o‘zini «LXR» va «DXR» deb e’lon qilgan hududlardagi qismlarda halok bo‘lganlarni hisobga olmaydi.

Urush boshlanganidan beri 4 467 nafar rus zobiti, jumladan, sakkiz general va 478 podpolkovnik va polkovnik o‘ldirilgani tasdiqlandi. Ko‘ngillilar Rossiya harbiylari orasida eng ko‘p yo‘qotishlarga duchor bo‘lgan (22 foiz). Keyin mahbuslar (18 foiz) va safarbar qilinganlar (12 foiz) turibdi.

Boshqirdiston – urushda halok bo‘lganlar bo‘yicha yetakchi

Rossiya Federatsiyasi hududlari orasida Boshqirdistondan halok bo‘lgan askarlarning soni eng ko‘p – 3487 kishi. Ularning 40 foizi ko‘ngilli, 18 foizi mahkum, 14 foizi safarbar qilinganlar sifatida frontga ketgan.

VVS rus xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda mintaqadagi o‘rtacha ish haqi 46 751 rublni tashkil qilgan. Bu Ufa harbiy komissarligida shartnoma tuzish uchun bir martalik to‘lovdan 27 baravar kam. Va kontrakt bo‘yicha harbiylarning oylik maoshidan to‘rt baravar kam.