2025-yildan boshlab, Rossiyaning Volgograd oblastida migrantlarning qator sohalarda ishlashiga taqiq joriy etiladi. Bu haqda oblast gubernatori Andrey Bocharov tomonidan imzolangan yangi farmonda aytilgan.
Farmonga ko‘ra, patent asosida ishlayotgan migrantlar umumiy ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida faoliyat yuritishi taqiqlanadi. Shuningdek, ularga quyidagi sohalarda ishlash cheklab qo‘yiladi:
-avtobus va taksilarni boshqarish;
-savdo faoliyati;
-ov qilish yoki yovvoyi hayvonlarni tuzoqqa tushirish;
-avtomobillarni ta’mirlash;
-kuriyerlik xizmatlari.
Gubernator Bocharovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu chora yuqori malakali xorijiy mutaxassislarga e’tiborni qaratishga va mehnat migrantlarini jalb qilish jarayonini tartibga solishga xizmat qiladi.
Patent bilan ishlaydigan migrantlar o‘rniga ish beruvchilar arizasi va mehnat vizasi asosida faoliyat yurituvchi yuqori malakali ishchilar afzal ko‘riladi.
Patent nima?
Patent — Rossiyaga vizasiz rejimda kelgan xorijliklarga 1 oydan 12 oygacha ma’lum bir sohada ishlash huquqini beruvchi hujjat.
Uni olish uchun migrant rus tilini va Rossiya qonunchiligini bilishini tasdiqlovchi hujjatlar, migratsiya kartasi, tibbiy sug‘urta va shaxsiy guvohnomani taqdim etishi kerak. Shuningdek, patent asosida ishlovchi migrantlar belgilangan miqdorda daromad solig‘ini to‘laydi.
So‘nggi bir yil ichida Rossiya migratsiya siyosatini sezilarli darajada kuchaytirdi. Mamlakatning uchdan bir qismida migrantlar mehnatiga cheklovlar joriy etilgan.
Ayrim hududlarda ular savdo, umumiy ovqatlanish, mehmonxona biznesi va moliyaviy xizmatlar sohalarida ishlashdan ham mahrum qilingan.
Bu kabi choralar migrantlar orasida yangi qiyinchiliklarni yuzaga keltirishi kutilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!