Yig‘ilishda ayrim rahbarlar “bu vaqtincha, bir-ikki yilda o‘tib ketadi” degan kayfiyatda yurganiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Bu borada sustkashlik va mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan iqtisodiy kompleksdagi 297 nafar rahbar ishdan olindi. Ular o‘rniga zamonaviy fikrlaydigan, yangi tajriba yaratib, odamlarimizni rozi qilaman degan tashabbuskor yoshlar ishga olindi.
“Qat’iy ogohlantiraman – mahallaga tushib, odamlarimiz va tadbirkorlar muammosini hal qilmagan rahbar ishlamaydi. Hamma o‘zgarishi kerak.
Ko‘rib turibsizlar, har daqiqa dunyodagi siyosiy va iqtisodiy vaziyat qiyinlashib, yangi-yangi tahdidlar paydo bo‘layapti. Ularga bugun javob topmasak, keyin kech bo‘ladi”, – dedi davlatimiz rahbari.
Bugungi yig‘ilishga tayyorgarlik doirasida 2025-yilda 5-milliondan ziyod aholini daromadli qilish, 1,5 million odamni kambag‘allikdan chiqarish mahallabay hisob-kitob qilingan.
Bu maqsadga erishish uchun hududlarning iqtisodiy sektor rahbarlari o‘z ongini o‘zgartirishi, ish tizimi va yondashuvlarini tubdan qayta ko‘rib chiqishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Ular hududlarda tadbirkorlar bilan uchrashib, zamon talablariga mos ishlash tartibiga o‘tishi muhim ekani uqtirildi.
Shu bilan birga, hokim va banklarning ijobiy tajribalarini kengaytirish, muammolarni hal qilish bo‘yicha 40 dan ortiq taklif va tashabbuslar tayyorlangan.
“Umuman, 2025-yil bandlikni ta’minlash va kambag‘allikdan chiqarishda eng muhim va hal qiluvchi yil bo‘ladi”, – dedi Prezident.
Prezident yangi imkoniyatlar va rejalarni belgilab berdi.
O‘tgan 6 yilda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 750 ming aholi kreditini vaqtida qaytarib, daromadli biznesga ega bo‘ldi. Ulardan 58 mingi yangi korxona ham ochdi.
Endi banklar mana shunday sinovdan o‘tgan mijozlarini qo‘llab-quvvatlab, ularni kichik va o‘rta biznes darajasiga olib chiqishi kerakligi ta’kidlandi. Ularga “Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida shartsiz 300 million so‘m kredit beriladi.
Bu orqali kelgusi yillarda 1,5 million aholini ishli qilish mumkinligi ta’kidlandi.
Oilaviy tadbirkorlik dasturlariga kredit resurslari faqat davlat mablag‘laridan ajratilmoqda.
Xalq banki tashabbusi bilan Osiyo taraqqiyot bankining moliyaviy ommaboplik dasturi doirasida 50 million so‘mgacha ortiqcha hujjat va garovsiz kredit berilmoqda. Bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, Osiyo taraqqiyot banki dasturga 150 million dollar ajratishga tayyor.
Ushbu namuna asosida kelgusi yilda 9 ta davlat bankiga chetdan 1 milliard dollar kredit jalb qilib, 250 ming odamni daromadli qilish tavsiya qilindi.
Faol tadbirkorlar ishtirokida 27 ta tumanda ochilgan kooperatsiyalar yaxshi samara berayotgani ta’kidlandi.
Mutasaddilarga kelgusi yilda 30 ta tumanda baliqchilik, quyonchilik, chorvachilik va asalarichilik bo‘yicha kooperatsiyalarni ko‘paytirish topshirildi. Bunga 500 milliard so‘m yo‘naltirilishi belgilandi.
Bundan tashqari, hozirda 15 ming tadbirkor mahsulotlarni elektron platformalarda sotib, daromadini karra-karra oshirayapti. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi xususiy bank bilan 1 ming 300 nafar ayolni o‘qitib, mahsulotini onlayn sotish tajribasini yaratmoqda.
Davlatimiz rahbari yig‘ilishda qatnashayotgan BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fudziiga yurtimizda loyihalar qilib, yangi-yangi g‘oyalar olib kelayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Ham investitsiya olib keladigan, ham ko‘p ish o‘rni yaratadigan startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash kengaytiriladi.
Davlat banklari ham bittadan venchur kompaniya ochib, mahalla startaplariga o‘z mablag‘idan jami 50 million dollar ajratishi muhimligi qayd etildi. Startaplarni biznesga aylantiradigan akseleratorlar ham ochish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!