Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida aytib o‘tildi. Tadbirda Jinoyat ijroiya kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar keng muhokama qilindi.
— Ushbu loyihada jazoni ijro etish muassasalaridagi mahbuslarning o‘z yaqinlari, oila a’zolari bilan videouchrashuvlarini tashkil qilish masalasi ko‘zda tutilmoqda, — deydi XDP fraksiyasi a’zosi Sayyora Imomova.
Ta’kidlanishicha, mahbuslar videouchrashuvlar davomida oilasini, farzandlarini ko‘rib, gaplashishi ularda insonlarga, an’analarga nisbatan ijobiy o‘zgarishlarni paydo qilishi mumkin.
Shuningdek, videouchrashuv xarajati mahbusning jazoni ado etish davomida o‘zi ishlab topgan oylik maoshidan qoplanishi uning oilasi byudjetiga ta’sir ko‘rsatmasligiga xizmat qiladi.
Erkaklarga ham 5 kunlik haq to‘lanadigan ta’til
Shuningdek,“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Unda mehnat jarayonidagi tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, bundan jabrlangan shaxslarni ijtimoiy va huquqiy himoya qilish masalalari ko‘zda tutilgan.
Loyihada shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanib, himoya orderidan foydalangan xodimga yil davomida 10 kalendar kundan iborat haq to‘lanadigan ta’til berish ko‘zda tutilmoqda.
Yana bir muhim yangilik: farzand tug‘ilganda erkaklarga ham 5 kunlik haq to‘lanadigan ta’til berish taklif etilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!