Jahon

Isroil armiyasi Livan bilan tuzilgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzdi

Isroil armiyasi Livan bilan tuzilgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzdi

Isroil harbiylari o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishi kerak bo‘lgan Livan janubida joylashgan Aytarun aholi punktidagi uylarni yoqib, o‘t ochish rejimini buzdi. Bu haqda Anadolu Ajansi xabar berdi.

Isroil qo‘shinlari mazkur aholi punktidan chiqib ketib, uning nazoratini Livan armiyasi ixtiyoriga berishi kutilmoqda. Ammo o‘n kundan buyon Livan armiyasi isroillik harbiylar tomonidan ko‘rsatilayotgan qarshiliklar tufayli hududga kira olmayapti. Ayni vaqtda Isroil harbiy texnikalari yordamida to‘sib qo‘yilgan yo‘llarni ochish ishlari amalga oshirilmoqda.

Isroil qo‘shinlari to‘liq chiqib ketib, vaziyat barqarorlashmagunga qadar aholining Aytarunga qaytishi taqiqlangan.

2024-yil 27-noyabr kuni Livan va Isroil o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga erishilgan bo‘lib, uning doirasida isroillik harbiylar 60 kun ichida Livan janubidagi egallangan hududlardan chiqib ketishi kerak edi. Ammo Isroil tomoni Livan armiyasi mintaqaga «to‘liq joylashmaganini» ma’lum qilib, hududni tark etish muddatini 18 fevralga qadar uzaytirgan.