Dala chetlarida, aholi tomorqalarida, xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldida, mahallaning ichki ko‘chalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish tartibi joriy etilmoqda.
“Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilindi.
2024 yil 30 dekabr kuni imzolangan qarorga muvofiq,dala chetlarida,aholi tomorqalarida, xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldida, mahallaning ichki ko‘chalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish tartibi joriy etiladi.
Sanab o‘tilgan joylarda mahsulot yetishtirish, urug‘ va ko‘chatlar yetkazib berish hamda yetishtirilgan mahsulotlarni eksportga yo‘naltirishni tashkil qilish vazifasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga (O‘KHA) yuklatildi.
Agentlik yil davomida daromadli ekinlar ekish va ularni eksport qilish uchun meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchi tadbirkorlarning talablarini o‘rganadi.
Suv xo‘jaligi vazirligi tegishli dala chetlarida suv ta’minoti mavjudligi va ushbu yerlarga ekin ekilishi irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilmasligi yuzasidan, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi esa tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, meva va uzum navlari yuzasidan xulosalarni O‘KHAga taqdim etadi.
Agentlik har yili 1 yanvarga qadar talabni hisobga olgan holda, shuningdek, har bir tuman va mahallaning iqlim sharoitidan, bu yerdagi aholining tajribasidan kelib chiqib, ekin turlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga taklif beradi. O‘simliklar karantini va himoyasi davlat inspektorlari har bir qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilariga alohida biriktiriladi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilariga dala chetlarini ikkilamchi ijaraga berishni tashkil qilish uchun dala chetlariga doir ma’lumotlar (jumladan, mulkchilik shakli, suv ta’minotiga oid) O‘KHA tomonidan “Agroko‘makchi” mobil dasturida keng jamoatchilikka e’lon qilib boriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan har yili 1 fevralga qadar tegishli yil hosili uchun dala chetlarida ekin ekish ishlarini tashkil etish va yetishtiriladigan mahsulotning prognoz ko‘rsatkichlari bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinadi.
O‘KHA har yili 15 fevralga qadar har bir konturga urug‘, ko‘chat tarqatadigan va mahsulotni sotib oladigan tadbirkorlarni aniqlab, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga bog‘lab beradi.
Dala chetlaridan samarali foydalangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida:
- ichki fitosanitariya sertifikati bir yil davomida bepul beriladi;
- dala chetlariga ekilgan “in-vitro” usulida yaratilgan mevali payvandtagli ko‘chatlarni sotib olish xarajatlarining 50 foizi miqdorida, biroq har bir mevali payvandtagli ko‘chatga 25 ming so‘mdan oshmagan holda Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasidan belgilangan tartibda subsidiya ajratiladi.
Agrosanoatni rivojlantirish agentligi Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasidan mablag‘larni tijorat banklarining buyurtmanomalariga asosan Markaziy bankning asosiy stavkasida tijorat banklariga resurs sifatida yo‘naltiradi. Bunda Agrosanoatni rivojlantirish agentligining tavsiyasiga ko‘ra:
- qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari dala chetini o‘zlashtirish va mahsulot yetishtirish uchun zarur bo‘lgan urug‘, ko‘chatlar, mineral o‘g‘itlar, kimyoviy preparatlar, moddiy-texnik resurslar bilan ta’minlanadi;
- suv bilan ta’minlash uchun nasos va quvurlarni o‘rnatish xarajatlarining 50 foizdan ko‘p bo‘lmagan qismini qarz oluvchining bank kartalariga o‘tkazish yo‘li bilan 6 oygacha imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada kreditlar ajratiladi.
Dala chetlari, kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining atroflaridagi maydonlarda, aholi tomorqasi, xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldi hamda mahallaning ichki ko‘chalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilishini tashkil qilishni muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tashkil etildi. Ishchi guruhga O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori I.Ergashev rahbarlik qiladi.
Shuningdek, hududiy va tumanlar ishchi guruhlari ham tuzilmoqda.
Respublika ishchi guruhiga quyidagi vazifalar yuklatildi:
- har bir tuman bo‘yicha dala chetlaridagi hamda xonadon va ko‘p qavatli uylar oldi, mahallaning ichki ko‘chalaridagi yer maydonlarini o‘rganib, aniq o‘lchamlarini tasdiqlash;
- tuman (shahar) hokimlari va Kadastr agentligining hududiy bo‘limlari tomonidan mulkchilik huquqi aniqlanmagan dala chetlaridan foydalanish huquqini belgilash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlarini tashkil qilish;
- har bir tuman kesimida dala chetlarida hamda aholi tomorqasi, xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldi, mahallaning ichki ko‘chalarida ekin ekiladigan maydon va mahsulot turlarini o‘z ichiga oluvchi ma’lumotlar bazasini tegishli yilning 15 fevraliga qadar shakllantirish;
- dala chetlarida hamda aholi tomorqasi, xonadonlar va ko‘p qavatli uylar oldi, mahallaning ichki ko‘chalarida ekish uchun hududlarning tuproq-iqlim sharoitiga mos urug‘ va ko‘chatlar tanlab olinishi bo‘yicha tavsiyalar berish hamda agrotexnik tadbirlarni sub’yektlar kesimida tashkil qilish;
- hosildor urug‘ va ko‘chat navlarining, shuningdek, mineral o‘g‘it va kimyoviy preparatlarning o‘z vaqtida yetkazib berilishini tashkil etish;
- yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sotuvini, shu jumladan, «Uzex Agro» elektron savdo platformasi orqali tashkil qilish.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!