Iqtisod

Oltin zaxirasi ko‘p davlatlar ichida O‘zbekiston 16-o‘rinni egalladi

Oltin zaxirasi ko‘p davlatlar ichida O‘zbekiston 16-o‘rinni egalladi

2024-yil holatiga koʻra dunyoda eng koʻp oltin zaxirasi mavjud davlatlar roʻyxati tuzib chiqildi.

Unga ko‘ra, 1-oʻrinni AQSh egallagan (8 133 tonna). Undan keyingi 3 oʻrinni esa Germaniya (3 352 tonna), Italiya (2452 tonna) va Fransiya (2437 tonna) band qilgan. Dunyoda eng katta hududlarga ega Rossiya (2 336 tonna) va Xitoy (2 264 tonna) esa 5- va 6- pogʻonada joylashgan.

O‘zbekistonning o‘rni qayerda?

Shartli ravishda Osiyo qitʼasida Oʻzbekiston (374 tonna) Xitoy, Hindiston (854 tonna) va Yaponiyadan (846 tonna) keyin 4-oʻrinda koʻrsatilgan. Markaziy Osiyoda esa Oʻzbekiston oltin zaxirasi boʻyicha yaqqol peshqadam. Undan keyingi oʻrinda turgan Qozogʻistonning 296 tonna zaxira oltini bor.

Yaqin yillarda narx pasayishi kuzatilmaydi

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025-yil oxiriga kelib oltinning bir troya unsiyasi $2,9 mingga yetishi haqida xabar bergan edik. UBS Group kompaniyasining fikricha, qimmatbaho metallar narxining Donald Tramp gʻalabasidan keyin qisqa muddatli korreksiyasi uzoq muddatli oʻsish tendensiyasini buzmaydi. Oltin narxining oshishi sabablari orasida tahlilchilar jahon markaziy banklari tomonidan talab ortib borayotgani va geosiyosiy risklarni sanab oʻtmoqda.

Ta’kidlanishicha, UBS Group moliyaviy bozorlarda uzoq muddatli oʻzgaruvchanlikni kutmoqda. Bankning fikriga koʻra, yaqin yillarda qimmatbaho metallar narxining sezilarli pasayishi kuzatilmaydi. 2026-yil oxiriga borib, oltinning bir troya unsiyasi $2,95 ming atrofida boʻladi.