Jamiyat

Davlat bogʻchalariga direktor tayinlash yangi tartibda amalga oshiriladi

Davlat bogʻchalariga direktor tayinlash yangi tartibda amalga oshiriladi

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 2025-yil 1-yanvardan boshlab, Malaka oshirish institutida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi davlat maktabgacha taʼlimi tashkiloti (MTT) direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik oʻquv kursida oʻqitish va ularga maxsus portal orqali menejerlik sertifikatini elektron shaklda berish tizimi joriy etiladi.

2025-yil 1-yanvarga qadar direktor lavozimida ishlab kelayotgan xodimlarni oʻqitish va sertifikat olish bilan bogʻliq xarajatlar Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

2025-yil 1-sentyabrdan boshlab esa bunday sertifikatga ega boʻlgan bogʻcha direktoriga ushbu sertifikatning amal qilish muddati davomida lavozim maoshiga har oylik 30 foiz qoʻshimcha ustama toʻlanadi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalari tomonidan menejerlik sertifikatiga ega boʻlgan nomzodlar orasidan tashkilot direktori lavozimiga nomzodlar zaxirasi shakllantiriladi.

Bunda tashkilot direktori vakant lavozimlariga nomzodlar faqat sertifikati mavjud boʻlgan kadrlar orasidan tanlab olinadi.

Mazkur amaliyotdan koʻzlangan maqsad – davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktori lavozimiga yuqori malakali, zamonaviy boshqaruv koʻnikmalariga ega boʻlgan kadrlarni tayinlash tizimini joriy etish.