23-dekabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tuman tibbiyot birlashmasiga 2020-yilda tug‘ilgan qiz Y.M. tanasidagi turli jarohatlar bilan qabul qilingandi. Holat yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasida E.Y. (1977-yilda tug‘ilgan ayol) 4 yoshli qizini qattiq kaltaklab, tan jarohati yetkazgani aniqlandi.
Xususan, tibbiyot xulosasiga ko‘ra, bolada bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi og‘ir darajasi va bosh sohasidagi boshqa og‘ir jarohatlar qayd etilgan.
Holat yuzasidan Toshkent viloyati Chirchiq shahar IIB tomonidan E.Y.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi 7-qismi “b” bandi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik voyaga yetmagan shaxsga nisbatan) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.
“Tergov vaqtida jinoyat natijasidagi oqibat o‘zgargani, ya’ni jabrlanuvchining o‘limi jinoyatga huquqiy baho berish jarayoniga ta’sir qiladi — ayblovni og‘irroq jazoni ko‘zda tutuvchi qismga qayta malakalash lozim bo‘ladi”, deydi bolalar ombudsmani.
Bu tergov tomonidan amalga oshiriladi. Ish yuzasidan yakuniy qarorni esa sud beradi.