Mamlakatlarning aqliy darajasini aniqlash boʻyicha xalqaro IQ reytingi tuzildi. Uni tuzishda 127 ta davlatdan tanlab olingan 1,393,066 kishining maʼlumotlari asos sifatida olingan boʻlib, xaritada kulrang rangda koʻrsatilgan mamlakatlar maʼlumotlar yetarli boʻlmagani uchun roʻyxatga kiritilmagan.
Baholashga koʻra, Sharqiy Osiyoning oʻrtacha IQ darajasi yuqoriroq. Yevropa, Gʻarbiy Osiyo, Okeaniya, Shimoliy Amerika va Shimoliy Afrikada esa oʻrtachaga yaqin. Markaziy va Janubiy Afrika, shuningdek, Lotin Amerikasida esa oʻrtachadan past koʻrsatkichda.
Reytingda Xitoy 107,43 ball bilan 1-oʻrinni band qilgan. 2-oʻrin esa Eronga nasib qilgan – 106.63 ball. Bundan tashqari, kuchli beshlikdan Janubiy Koreya (106,57 ball), Yaponiya (106,54 ball) hamda Singapur (105,25 ball) joy olgan.
96,98 ball olgan Oʻzbekiston esa 69-oʻrinda koʻrsatilgan.
Qayd etilishicha, test sinovida Oʻzbekistondan 8986 kishi ishtirok etgan. Oʻtgan yili bu koʻrsatkich 94,81 ballga teng edi, bu yil 2,17 ballga oshgan.
Maʼlumot uchun, Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qozogʻiston 66-oʻrinda (97,27), Qirgʻiziston 84-oʻrinda (95,0), Tojikiston 96-oʻrinda (93,75), Turkmaniston haqida boʻlsa maʼlumot yoʻq.
Taʼkidlanishicha, mamlakatdagi oʻrtacha IQ miqdoriga quyidagilar taʼsir qiladi:
- ▪️ Yuqumli kasalliklar: 2010-yilgi tadqiqot shuni koʻrsatdiki, yuqumli kasalliklar darajasi yuqori boʻlgan mamlakatlarda odatda IQ miqdori past boʻlgan aholi yashaydi. Ushbu kasalliklar kognitiv rivojlanishga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Afrika yuqumli kasalliklardan eng koʻp zarar koʻrgan qitʼadir.
- ▪️ Ovqatlanish odatlari: 2025-yilgi tadqiqot shuni koʻrsatdiki, yaxshi ovqatlanish odatiga ega boʻlgan bolalar boshqa bolalarga qaraganda yuqori IQ miqdoriga ega.
- ▪️ Intellektual faoliyat: 2022-yilgi tadqiqot shuni koʻrsatdiki, muntazam ravishda shaxmat oʻynash bolalarning IQ darajasini oshirishi mumkin. 1962-yildagi yana bir tadqiqot shuni koʻrsatdiki, ikki tilda soʻzlashadigan bolalar faqat bir tilda gapiradigan bolalarga qaraganda IQ testida yuqori ball olgan.
- ▪️ Genetika: 2013-yilda mingdan ortiq egizaklar ishtirokida oʻtkazilgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, IQ 50-80 foiz genetika bilan belgilanadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!