Vazirlar Mahkamasida 26-dekabr kuni “Attraksionlar xavfsizligi to‘g‘risidagi Texnik reglamentni va Attraksionlarni hisobga olish hamda ularning davlat reyestrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror qabul qilindi.

Reglament O‘zbekiston hududida attraksionlardan foydalanishda insonlarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish, shuningdek, ularda xavfsizlik bo‘yicha chalg‘ituvchi harakatlarning oldini olish maqsadida qo‘llanishi va bajarilishi lozim bo‘lgan yagona talablarni belgilaydi.

Reglamentda attraksionlar talablarga muvofiq bo‘lgan va muvofiqlik protsedurasidan o‘tgan taqdirda muomalaga kiritilishi nazarda tutilgan.

Texnik reglament talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi, FVV, Energetika vazirligi, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, shuningdek, boshqa vakolatli davlat organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.

Attraksionlarning davlat reyestrini yuritishdan maqsad ularning ma’lumotlar bazasini yaratish, sanoat xavfsizligi sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, shuningdek ro‘yxatga olingan attraksionlar va ulardan foydalanuvchi tashkilotlar to‘g‘risidagi tizimli ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va saqlashdan iborat.

Reyestrni yuritish qo‘mitaga yuklanadi va quyidagi protseduralarni o‘z ichiga oladi:

  • ro‘yxatga olish raqamini ko‘rsatish orqali attraksion to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni ma’lumotlar bazasiga kiritish;
  • attraksion to‘g‘risidagi ma’lumotlarni davriy yangilab borish yoki ularni reyestrdan o‘chirish.

Hujjatda attraksionlarning ekstremalligi va undan foydalanishni har qanday cheklash haqidagi ma’lumotlar attraksionlardan foydalanish bo‘yicha qo‘llanmada va tashrif buyuruvchilar uchun ma’lumotlarda keltirilishi belgilanmoqda.

Attraksionni boshqarish tizimlari ogohlantirish signalizatsiyasi vositalari va xavfli vaziyatlar vujudga kelishiga olib keladigan attratsion ishlashidagi nosozliklar haqida ogohlantirish uchun boshqa vositalarni o‘z ichiga olishi kerak.