Jamiyat

Energetika vazirligi elektr quvvatlash stansiyalarini uzish bo‘yicha topshiriq berganmi?

Energetika vazirligi elektr quvvatlash stansiyalarini uzish bo‘yicha topshiriq berganmi?

Energetika vazirligida elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarida yuzaga kelayotgan muammoli masalalarni o‘rganishga bag‘ishlangan muloqot bo‘lib o‘tdi.

Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov boshchiligida o‘tkazilgan mazkur uchrashuvda vazirlik xodimlari, Bosh prokuratura, “O‘zenergoinspeksiya”, Kadastr agentligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Yashil energiya” MCHJ va Toshkent shahar hokimligining tegishli mutasaddilari, shuningdek, “Tok Bor”, “Megawatt Energy”, “GreenTE”, “Q.Watt”, “TezTok”, “Mustang Energy”, “Voltauto”, “EBB Charging” hamda “Spectre Energy” kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Ochiq muloqot va qizg‘in bahs-munozaralarga boy tarzda kechgan ushbu anjumanda so‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkentda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari asossiz o‘chirib qo‘yilmoqda” qabilida tarqalgan turli shov-shuv hamda mish-mishlarga oydinlik kiritib olindi. Subiste’molchi sifatida aholiga xizmat ko‘rsatib kelayotgan kompaniyalar o‘zlari duch kelgan muammolar haqida gapirib berishdi. Tegishli mutasaddilarning bu boradagi izohlari tinglandi.

Muloqotda Energetika vazirligining 17 dekabr kuni e’lon qilingan pozisiyasi qat’iy va o‘zgarmasligi, vazirlik quvvatlash stansiyalarini tarmoqdan uzish bo‘yicha topshiriq bermaganligi hamda ekologiyamizni asrashga katta hissa qo‘shadigan elektromobillarni O‘zbekistonda ommalashtirish tarafdori ekanligi yana bir karra ta’kidlandi. Shu bilan birga, tadbirkorlardan ham energetika sohasiga taalluqli qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartiblarga rioya qilib faoliyat yuritishlari so‘raldi.

Uchrashuv yakunida bu kabi muloqotlarni tez-tez o‘tkazib turish taklifi barcha tomonidan ma’qullandi. Tadbirkorlar va soha mutasaddilarining fikr-mulohazalari tinglanib, takliflarni o‘rganib chiqishga kelishildi.

Ma’lumot uchun: agar elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini o‘rnatgan tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy faoliyatlariga to‘sqinlik qilish holatlariga duch kelsangiz, Energetika vazirligining +99871-231-16-61 (ichki 7037, 7046 va 7057) raqamli «Ishonch telefonlari»ga murojaat qilish mumkin.